14:55 / 29.09.2017
7536

Matbuot va axborot agentligi ijtimoiy buyurtmalar loyihasini e'lon qildi

Mamlakatda respublika prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi va rahbarligida qabul qilingan hamda izchil amalga oshirilayotgan O‘zbekiston Respublikasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab berdi. Bu jarayonning amaliy natijalari, belgi va xususiyatlari bugungi kunda hayotning barcha jabhalarida, eng muhimi, xalqning ongu tafakkuri, intilish va harakatlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi mana shu  yo‘lda jonbozlik ko‘rsatib, fidoyilarcha mehnat qilayotgan zamondoshlarning badiiy mukammal obrazlari yaratilishiga hissa qo‘shish, bugungi ulug‘vor bunyodkorlik ishlarini tarix zarvaraqlariga muhrlash,  yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, xususan yosh ijodkorlarni ma'naviy va moddiy jihatdan qo‘llab–quvvatlash maqsadida “TARAQQIYoT STRATeGIYaSI VA ZAMONAMIZ QAHRAMONI”  mavzuida badiiy va ijtimoiy-siyosiy asarlar yaratish bo‘yicha ijtimoiy buyurtmalar loyihasini e'lon qildi.

Ijtimoiy buyurtmalar bo‘yicha yaratiladigan  ijodiy ishlar uchun  quyidagi talablar  ko‘zda tutilgan:

- aholi uchun  arzon uy-joylar qurilishi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar, uy joyga ko‘chib kirilishida odamlarning quvonchi, uzoq yillik orzu umidlarining ro‘yobga chiqishini yorqin badiiy bo‘yoqlarda ifodalash;
- yangi sanoat korxonalari qurib bitkazilayotganligi (masalan,  Jizzax, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hududida joylashgan yirik neftni qayta ishlash zavodlari qurilishi) ;
- respublikada yangidan bunyod etilayotgan keng va ravon yo‘llar, ko‘priklar, yer usti metro tarmoqlari, suv inshootlarining qurilish jarayonlari;
- aholini  arzon dori-darmonlar bilan ta'minlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar; 
-  tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar;
-  amalga oshirilayotgan Sud-huquq islohotlari;
- “Xalq qabulxonalari - adolat qo‘rg‘onlari” mavzuida fuqarolarning  fikrini o‘rganib, joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan ijro organlarining xalq dardini tinglash, ularning muammolarni hal etish borasidagi ishtiroki; 
-  mamlakatda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, chegaralar daxlsizligini asrash;
- yoshlarni ona yurtga mehr va sadoqat, harbiy - vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;
- uzoq yillar O‘zbekistonda yashab, fuqaroligi bo‘lmagan, bugungi kunda  pasport olayotgan vatandoshlar qalbidagi cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulari, his-hayajonlarining badiiy ifodasi;
- yon qo‘shnilar bo‘lgan davlatlar bilan azaliy qardoshlik aloqalarining qayta tiklanishi;
-  respublikada  Islom sivilizatsiyasi  markazining barpo etilishi bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar va boshqa ijtimoiy – iqtisodiy islohotlarni  hayotiy dalil va misollar orqali talqin etuvchi asarlar  shular jumlasidan.

Buyurtma berilgan kitoblar Agentlik tizimidagi nashriyotlar qoshida tuzilgan nufuzli hay'at tomonidan baholanib,  nashriyotlarning ijtimoiy grantlari asosida chop etiladi va mualliflarga belgilangan tartibda qalam haqi beriladi.

Nashriyotlar va mualliflar o‘rtasida tuziladigan shartnomada  ijtimoiy grantlar asosida yaratiladigan kitob uchun  qalam haqining ma'lum qismini oldindan  to‘lash  ham ko‘zda tutiladi.

Loyihada ishtirok etishni xohlovchilar diqqatiga!

Ijtimoiy buyurtmalar loyihasining tashkiliy va ijodiy jihatlari yuzasidan  Agentlik tizimidagi nashriyotlarga bevosita murojaat qilishingiz hamda ular bilan oldindan shartnoma tuzish tartibida loyihani bajarishga kirishishingiz mumkin.

Agentlik tizimidagi Nashriyot –matbaa ijodiy uylarining manzili: 

1. “O‘zbekiston” - Toshkent, Navoiy ko‘chasi-30.

2. “O‘qituvchi” - Toshkent, Yangishahar ko‘chasi-1. 

3. Cho‘lpon nomidagi NMIU - Toshkent, Navoiy ko‘chasi-30. 

4. “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti - Toshkent, Navoiy ko‘chasi-30. 

5. G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU - Toshkent, Labzak ko‘chasi-86. 

Top