11:51 / 29.09.2017
11644

Otinoyilar uchun o‘quv-seminari tashkil etildi

Foto: Vakillik.uz

Otin-ayol-qizlar o‘qituvchisi, din va shariat bilimdoni, shuningdek ayollar o‘rtasidagi diniy marosimlarga boshchilik qiladigan, xalq orasida katta obro‘-e'tiborga sazovor bo‘lgan kayvoni ayol. Hatto «otin» so‘zi ma'rifatparvar ayollarni hurmatlab, ismiga qo‘shib ham aytilgan. Ular Qur'oni karim qiroati, tafsir, payg‘ambarlar tarixi, xalq og‘zaki ijodini yaxshi bilishgan. Bugungi kunda otinoyilarning vazifalari doirasi juda kengaygan. Ular nafaqat diniy bilimlar egasi, balki yurtimizda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar, iqtisodiy, ta'lim va boshqa sohalarda olib borilayotgan islohotlar, jamiyatimiz ma'naviy, diniy hayotida kechayotgan o‘zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanishi lozim.

Shu maqsadda otinoyilar faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning bilimlarini oshirib borish maqsadida o‘quv-seminarlari tashkil etiladi, deb xabar beradi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi matbuot xizmati.

Ana shunday o‘quv-seminarlarning navbatdagisi joriy yilning 26 sentabr kuni Uchtepa tumani «Ayollar maslahat markazi»da «Dinimizning sofligini asraylik» mavzusida tashkil etildi. Unda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan otinoyilar bilimlarini oshirishdi.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari E.Rustamov yurtimizda diniy sohada olib borilayotgan keng islohatlar va bunda otinoyilarning vazifalari to‘g‘risida gapirib, hozirgi kunda ish tizimini yo‘lga qo‘yishdagi kamchiliklar, ayollarga oid ijtimoiy masalalar yechimini hal etishda otinoyilar mas'uliyatining kengayishi, bunda ularning bilim salohiyatlarini rivojlantirishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, E.Rustamov buyuk ajdodimiz Abu Mansur al Moturidiy faoliyati, boy ilmiy merosi: Kalom ilmi, fiqh, aqida masalalari bo‘yicha yozgan asarlari to‘g‘risida ma'ruza qildi.

Chilonzor tumani «Bo‘ta buva» jome masjidi imom-xatibi Sh.Toshmatov «Din ulamolarining fazilatlari, husni-xulq va bunda ilmning zarurati» mavzusida ma'ruza qildi.

Shuningdek, Fuqarolarning o‘zini – o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashining diniy-ma'rifiy masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi O.Aripova mahalla diniy – masalalari maslahatchilarining otinoyilar bilan hamkorlikda ish olib borishdagi kamchiliklarni oldini olish haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Mavzuga oid
Top