8208.04 USD +26.96

9490.14 EUR +63.08

123.85 RUB +1.12

10796.9 GBP +61.65

17:43 / 29.09.2017 38825

Jigari ko'chirib o'tkazilishi zarur bo'lgan yigitning onasi yordam so'ramoqda  

Inson ezgu amallarga sodiq bo'lsa, bundan nafaqat o'zgalar, balki amallar sohibining o'zi ham barakayu foyda topadi. Navoiy hazratlari aytganidek, “Nafin agar xalqqa beshakdurur, Bilki, bu naf o'zingga ko'prakdurur”. 

KUN.UZ sayti orqali tashkil etilayotgan turli xayriya aksiyalarning maqsadi ham yordamga muhtoj insonlarga ko'mak berish va shu orqali ularga quvonch ulashish, ezgu amallarga chorlashdir. Quvonarlisi, aksiyalarda saxovatpesha, qo'li ochiq va mehribon xalqimiz doim faol ishtirok etmoqda.  

Tahririyatning Farg'ona viloyatiga safari davomida Farg'ona shahar Iskandarov ko'chasi 14-uyda yashovchi yordamga muhtoj yana bir yurtdoshimizning holidan xabar oldik. Ko'ngillarini ko'tarib, ruhiy dalda berishga harakat qildik. 

4 nafar farzandning onasi bo'lgan Qo'shaqova Shamshixonning aytishicha, 1983 yilda tug'ilgan Ravshanjonda 2013 yilda jigar sirrozi kasalligi aniqlangan. 

“Bu kasallik aniqlanganidan beri 5 marta qon ketishi holati bilan og'ir vaziyatda kasalxonaga tushdi. Topgan daromadimiz shu o'g'limni davolashga ketganligi uchun moddiy tomondan qiyin ahvoldamiz. Ikki marta Hindistonga davolanish uchun bordik. U yerda o'g'limga jigarni ko'chirib o'tkazish amaliyoti zarurligini aytishmoqda. Operatsiya xizmati 30 ming AQSh dollari atrofida ekan. O'zimiz ham harakat qilmoqdamiz. Uyim bor edi, uni ham sotdim. Hozir yashab turgan joyimiz ukamning uyi, shu yerga kelishga majbur bo'ldik. Otasi Rossiya fuqarosi, kasal bo'lgandan so'ng bir marta kelib ko'rgani ham yo'q. Bormagan tashkilotim qolmadi, hech bir yerdan yordam qo'lini cho'zishmadi. Portalga ham yordam so'rab yozsam, hokimiyatdan “Umuman yordam qila olmaymiz, shifoxona, sanatoriyga yotqizish bo'lsa, qilishimiz mumkin”, deyishdi. Shu o'g'limning hayotini saqlab qolish uchun mablag' yig'ishda yordam berishingizni iltimos qilaman. 1 nafar farzandi bor. Yig'layverib ko'zlarim xiralashib ketdi”, - deydi Shamshixon opa.

Farg'ona viloyati Sog'liqni saqlash boshqarmasi ma`lumotnomasida aytilishicha, viloyat Sog'liqni saqlash boshqarmasi Ravshan Qo'shaqov Farg'ona shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli ko'p tarmoqli markaziy poliklinikasida “Jigar sirrozi dekompensatsiya bosqichi. Portal gipertenziya. Qizil o'ngach venalari varikoz kengayishi. Jigar yetishmovchiligi. Anemiya og'ir darajasi” tashxisi bilan “Dispanser” nazoratida turishini tasdiqlaydi.  

Umid insonni har qanday musibat girdobidan tortib oladi. Yaratganga umid qilib yashayotgan Ravshan Qo'shaqovning ham orzu-umidlari katta. Yaxshi niyat ila barcha saxiy yurtdoshlarimizni Ravshanjonning dardiga shifo topishida yordam qo'lini cho'zishga chorlab qolamiz.

Xayriya qilmoqchi bo'lganlar uchun kerakli ma`lumotlar:

Plastik karta orqali: (Click, Payme) Shamshixon Qo`shaqova
Agrobank – 8600 0424 0604 8925
Telefon raqami: (+99893) 373 90 71

Top