17:38 / 30.09.2017
13565

Gvardiola zabt etmagan to‘siq. Kunning eng asosiy uchrashuvi haqida

Angliya premer-ligasining 7-turida joriy mavsumdagi eng markaziy uchrashuvlardan biri bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. O‘tgan mavsum chempioni «Chelsi» joriy mavsumda bu nomga eng asosiy da'vogar bo‘lib turgan «Manchester Siti»ni qabul qiladi. 

Konte APLda Gvardiolaga qarshi uchrashuvlarda hozirgacha bir ochkoni ham raqibiga ulashgani yo‘q. Ammo mavsumlar oralig‘ida sezilarli ravishda kuchaya olgan «Siti»ga qarshi bu safargi o‘yinda ham bu ishni qaytara oladimi, yoki yo‘q bunisi so‘roq ostida qolmoqda.

O‘zaro o‘yinlar

«Manchester Siti» Premer-liga doirasida «Chelsi»ga qarshi 40 marta duch kelgan bo‘lib, shularning faqat 9tasida g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan. 24ta uchrashuvda londonliklarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 7 uchrashuvda durang qayd etilgan.

«Manchester Siti» «Stemford Bridj»da mehmon bo‘lgan uchrashuvlarda faqatgina 3 marotaba g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan. Qolgan 6 g‘alaba o‘z uyida kechgan uchrashuvlarga to‘g‘ri keladi. So‘nggi beshta uchrashuvlar bo‘yicha statistika esa 2-2-1 ko‘rinishida. Ya'ni ikki jamoa ham bittadan mavsumni to‘liq g‘alaba bilan o‘tkazgan. Bitta uchrashuvda durang o‘ynagan.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar

«Chelsi» «Manchester Siti»ga qarshi Angliya Premer-ligasining «Stemford Brij»dagi so‘nggi 7 uchrashuvida faqat bir marta mag‘lubiyatga uchragan (4 g‘alaba, 2 durang).

«Chelsi» Pep Gvardiola boshchiligidagi «Manchester Siti»ni ikkita uchrashuvda ham mag‘lubiyatga uchratgan yagona premer-liga jamoasi sanaladi.

Faqatgina «Nyukasl Yunayted» (1994/95 yilgi mavsumda, 22ta gol) va «Manchester Yunayted» (2011/12 yilda 22ta gol) APLning 6-turiga qadar «Manchester Siti»dan (21 gol) ko‘proq gol kiritgan, ammo yakunda ikkala jamoa ham chempionlikni qo‘lga kirita olmagan.

Faqatgina Robin van Persi (olti) Angliya Premer-Ligasining «Stemford Bridj»da kechgan uchrashuvlarda Serxio Aguerodan (beshta) ko‘proq gol urgan. Afsuski Aguero bu safar Van Persi natijasini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.

Alvaro Morata londonliklar tarkibida o‘tgan olti uchrashuvda oltita gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Angliya Premer-ligasidagi dastlabki uchrashuvlarda eng yaxshi to‘purar bu — Mik Kuinn (7 uchrashuvda 10 gol) sanaladi. Keyingi o‘rinda sobiq «Chelsi» hujumchisi ,Diyego Kosta (9 gol) turadi.

Yo‘qotishlar

«Chelsi» tarkibida diskvalifikatsiya tufayli David Luiz va jarohat olgan Denni Drinkuoter maydonga tusha olmaydi.

«Manchester Siti»da esa bu haftadan muammolar ko‘paygan. Serxio Aguero Amsterdamdagi avtofalokatdan so‘ng qay holatda ekani hozircha aniq emas. Katta ehtimol bilan u bir oyga yaqin vaqt davomida maydonga tusha olmaydi.

Benjamen Mendi esa tizzasining old xochsimon paylari uzilishidan so‘ng operatsiya qilindi va endi aprelga qadar maydonga tusha olmaydi. Vensan Kompani mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan bo‘lsada, hamon safga qaytishga tayyor emas.

Taxminiy tarkiblar:

Chelsi: Tibo Kurtua, Sezar Aspilikueta, Gari Keyhill, Andreas Kristensen, Markos Alonso, Viktor Mozes, Ngolo Kante, Tiyemue Bakoyoko, Eden Azar, Pedro Rodriges, Alvaro Morata.
Manchester Siti: Ederson, Kayl Uoker, Jon Stounz, Nikolas Otamendi, Danilo, Fernandino, Kevin de Bryuyne, David Silva, Rahim Sterling, Leroy Sane, Gabriel Jyezus.

Top