14:58 / 30.09.2017
12303

Turkmanistonda Putinning tashrifiga alohida tayyorgarlik ko‘rishmoqda

Foto: kremlin.ru

Turkmaniston Vazirlar mahkamasi yig‘ilishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ashxobodga 2 oktabr kuni mo‘ljallangan rasmiy tashrifiga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi. Bu haqda Turkmanistonning «Dovlet xabarlari» (TDH) davlat agentligi xabar bermoqda.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida katta to‘plamdagi ikki tomonlama hujjatlarning imzolanishi rejalashtirilgan.

Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov kelgusidagi muzokaralarning ahamiyatini ta'kidlab, ular «ikki mamlakatning do‘st xalqlari farovonligi manfaatiga javob beruvchi an'anaviy davlatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash va kengaytirish yo‘lida samarali qadamga aylanishga hamda an'anaviy aloqalarga yangi aniq mazmun berishga qaratilgani»ni bildirdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Turkmaniston va Rossiyani tarixiy, chin do‘stona munosabatlar birlashtirib turadi.

«Mamlakatlarimiz umuminsoniy tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, zamonaviy dunyo chaqiriqlari hamda tahdidlariga qarshi kurashish kabi muhim global masalalar bo‘yicha pozitsiyalar yaqin yoki o‘xshashligini namoyish etmoqda», - deya davlat rahbarining so‘zlari keltiriladi xabarda.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy sohada samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Davlat rahbari shuningdek, Rossiya Federatsiyasining eng yirik sub'yektlari bilan sheriklikning dinamik xususiyatini qayd etdi, bunga turli tadbirlarning muntazam o‘tkazib borilishi turtki bermoqda.

Mamlakatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992 yilning aprel oyida o‘rnatilgan. Hamkorlikning barcha sohalarini qamrab oluvchi 100 dan ortiq hukumatlararo bitimlar imzolangan. Asosiy hujjat - 2002 yil 23 apreldagi Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomadir.

Top