10:00 / 02.10.2017
9155

AQShda 40 yil ichidagi eng yirik kema falokatlaridan birining sababi aniqlandi

Foto: AP /Steven Senne

2015 yil oktabrda AQShning "El Faro" kemasining Bagam orollari yaqinida halokatga uchrashiga kema sardori xatosi sabab bo‘lgan. Halokat 33 kishining hayotini olib ketgan. Bu haqda AQSh sohilbo‘yi qo‘riqlash xizmati hisobotida ma'lum qilindi. 

Hujjatda aytilishicha, yuz bergan voqea AQSh tarixida dengizda sodir bo‘lgan eng yomon falokatlardan biri bo‘lgan hamda "40 yil ichida AQSh kemalari cho‘kishi oqibatida eng ko‘p qurbonlarga olib kelgan". Mutaxassislarning fikricha, kema sardori Maykl Devidson "Xoakin" dovulining kuchini to‘g‘ri baholay olmagan va kemani dovuldan olib qochish uchun uning yo‘nalishini o‘zgartirmagan. U, shuningdek, tabiiy ofat oqibatida yuz bergan vaziyatni yetarlicha baholay olmagan va kemani qutqarish uchun hech qanday chora ko‘rmagan.

Hisobotda aytilishicha, shoshilinch tufayli kemadagi yuk bir tekis taqsimlanmagan va buning oqibatida kema bir tomonga kuchli yonboshlab qolgan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, dovul vaqtida kemaning bosh dvigateli o‘chib qolgan. Bundan tashqari, kema jamoasining hamma a'zolari ham inglizchada yaxshi gaplasha olishmagan va xavfsizlik talablari bilan yaxshi tanish bo‘lishmagan.

Kema 2015 yil 1 oktabrda ekipajning 33 a'zosi bilan cho‘kib ketgan. U Jyeksonvill portidan (Florida shtati) Puerto-Rikoga 391 ta konteyner olib ketayotgan bo‘lgan. Dvigatellar ishlamay qolgandan keyin kema tryumiga suv kira boshlagan. Shundan keyin kema bilan aloqa uzilgan.

AQSh sohilbo‘yi qo‘riqlash xizmati kema ekipaji a'zolari va kemani izlash uchun fuqarolik va harbiy aviatsiyani jalb qilan. Tez orada kemaning qoldiqlari 4,6 km chuqurlikda aniqlangan. Qoldiqlarning o‘rganilishi kemaga katta talofat yetkazilganini va u bir necha bo‘lakka bo‘linib ketganini ko‘rsatgan. Kema palubalaridan biri kemaning asosiy qismidan 1 km uzoqlikda aniqlangan.

Dengizchilar jasadlari topilmagan va ularning barchalari halok bo‘lgan deb tan olinganlar.

Mavzuga oid
Top