20:50 / 03.10.2017
7936

Avstraliya avtosanoatdan mahrum bo‘lmoqda: Toyota mashinalar ishlab chiqishni to‘xtatdi

Foto: motor.ru

3 oktabr kuni dunyoda avtomobil ishlab chiqaruvchi mamlakatlar soni bittaga kamaydi. Yaponiyaning Toyota kompaniyasi Avstraliyaning Melburn shahri yaqinida joylashgan Altona zavodidagi konveyerni to‘xtatdi. Yaponiya markasi mahalliy ishlab chiqarishni to‘xtatib, bu bozorda faqat tayyor avtomobillarini sotishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Natijada Avstraliya yengil avtosanoatidan mahrum bo‘ldi. 

News.com.au xabar qilishicha, «Toyota» 54 yil davomida Avstraliyada o‘z avtomobillarini yiqqan. Uning ilk sedani Tiara – 1963 yilda paydo bo‘lgan. Keyin kompaniya mamlakatda dvigatellar yig‘uvchi zavodini ishga tushirdi. 1995 yilda Altona korxonasi ochildi. So‘nggi lahzagacha ushbu ishlab chiqarish maydonida Camry sedanlari xaridorlarga yetkazib berildi.

Umuman, Toyota Avstraliyada 3,4 million avtomobil ishlab chiqargan bo‘lib, shundan 2 millioni Altona zavodi hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi 10 yilda «Toyota» Avstraliyaning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi va eksportchisiga aylandi. 

Zavod yopilishi sababli 25 yillik ish malakasiga ega 2,5 mingga yaqin inson 200 ming Avstraliya dollari miqdorida bir martalik nafaqa va Toyota avtomobillariga umrbod chegirmalarga ega bo‘lishdi. 10 yildan kam ishlagan ishchilar kelasi besh yilda kompaniya mashinalariga chegirmalardan foydalanishlari mumkin. 

O‘tgan 2016 yilda Avstraliyada Amerikaning Ford kompaniyasi o‘z zavodini yopgan edi. AQSh zavodi bu yerda 1925 yildan beri avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygandi. Shuningdek, o‘tgan yili General Motors konserni ham Cruze modelini to‘xtatgandi. Holden Commodore va Caprice avtomobillari ishlab chiqariladigan zavod oktabr oyi oxirida yopilishi bilan qit'a mamlakat avtosanoatdan mahrum bo‘lgan davlatga aylanadi. 

Mavzuga oid
Top