09:46 / 03.10.2017
16978

Samarqandda profilaktika inspektorlariga uy-joylar va avtomashinalar kaliti topshirildi

Foto: Kun.uz

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi tomonidan joriy yilning 1 oktabr kuni Samarqand shahrining Registon maydoni Islom Karimov haykali oldida Samarqand viloyati IIB ichki ishlar organlari tayanch punktlarining 180 nafar profilaktika inspektorlarini qasamyodga keltirish, ularga xizmat uylari va imtiyozli ravishda berilayotgan shaxsiy avtomashinalar kalitini tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi, deb xabar beradi KUN.UZga boshqarma matbuot xizmati.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Hukumat a'zolari, davlat boshqaruv organlari va viloyat hokimlik rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari, profilaktika inspektorlarining ota-onalari, oila a'zolari ishtirok etishdi.

Dunyoda insonning hayotidan, uning tinchligidan ham azizroq, muhimroq narsa bo‘lmasa kerak. Bugungi davrda ichki ishlar organlari xodimlari, ayniqsa, profilaktika inspektorlari Vatanimiz kelajagi va istiqboli uchun daxldorlik hissi bilan yashashi, yurtiga fidoiylarcha xizmat qilib, o‘z qasamyodiga sodiq qolgan holda jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashga o‘z hissasini qo‘shishi lozim. 

Ana shu talabdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi Farmoni asosida joylardagi profilaktika inspektorlari soni oshirilib, ular uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari tayanch punktlari tashkil etildi.

Shuningdek, profilaktika inspektorlari nufuzini oshirish va xizmatni samarali o‘tashlarini ta'minlash maqsadida komunal-maishiy sharoitlarga ega bo‘lgan, zamon talablari va standartlariga javob beradigan qulay xizmat uy-joyi bilan ta'minlash maqsadida 2017 yil 20 aprelda Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu qaror talablari asosida, profilaktika inspektorlariga o‘zlari xizmat qilayotgan hududdan oila a'zolari bilan yashashlari uchun, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan xizmat uylari ajratilmoqda. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 3 avgust kunidagi Qaroriga asosan uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtoulovlar olishlari uchun sharoit yaratildi. Bu quvonarli hol, albatta.

Registon maydoni Islom Karimov xaykali oldida, el-yurt tinchligi va osoyishtaligini ta'minlashdek sharafli, shu bilan birga ma'suliyatli xizmatni o‘tashga qasamyod qilish uchun qad rostlab turgan navqiron, mard, jasur profilaktika inspektorlarimizni ko‘rgan har bir kishi ularga havas bilan qarayotgani aniq. Bu esa profilaktika inspektorlarimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlashi bilan birga, mas'uliyatlarini ham oshiradi.

Bugun, mana shunday quvonchli va hayajonli damlarda, ichki ishlar organlarining har bir profilaktika inspektori xalqimiz va Prezidentimizga sodiq bo‘lishga mardonavor ravishda qasamyod qildi. Aminmizki, ular zimmasidagi mas'uliyatni chuqur his etib, el-yurt tinchligi, osoyishtaligini himoya qilishdek muqaddas burchni sharaf bilan ado etadilar. 

 

Top