15:30 / 04.10.2017
16319

KXDRda hokimiyat vakillaridan o‘zgalarga benzin sotish taqiqlab qo‘yildi

Foto: © Eric Talmadge/AP Photo

Sentyabr oyi oxiridan boshlab KXDRdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Koreya mehnat partiyasining oliy martabali arboblari, hukumat, qurolli kuchlar va maxsus xizmat vakillaridan boshqa barcha mijozlarga benzin sotish taqiqlandi, deb yozadi Yaponiyaning Asahi gazetasi.

Nashr manbalari ma'lumotiga ko‘ra, benzin savdosi uchun qat'iy cheklovlar BMTning Xavfsizlik kengashi KXDRga sentabr oyidan boshlab neft va neft mahsulotlari eksportini cheklaganidan so‘ng mamlakatda yoqilg‘i zaxirasini yaratishga qaratilgan. Bunda qaror sanksiya sifatida Pyongyang tomonidan yadro sinovlarini o‘tkazganligi va amaldagi xalqaro taqiqlarni buzgani uchun joriy etilgan.

Nashrning qayd etishicha, sentabr oyi oxiridan boshlab KXDRda benzin faqat davlat raqami 727dan boshlanuvchi avtomobillarga quyib berilmoqda. Bunday raqamlar faqat oliy nomenklatura vakillariga beriladi. Jamoat transporti va xorijliklarning mashinalari qay tariqa yoqilg‘i bilan ta'minlanayotgani haqida ma'lumotlar yo‘q, deya ta'kidlagan gazeta.

Ilgariroq Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi KXDRda yil boshidan buyon tijoriy yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxi uch barobarga oshganini ma'lum qilgan edi. Janubiy Koreya hukumati KXDRning neft va neft mahsulotlariga bo‘lgan talabini yiliga 700–900 ming tonnaga baholaydi. Bundan tashqari, mamlakatda urush ehtimoli uchun 1 mln. tonna strategik zaxira doimo saqlanadi. Asahi ma'lumotlariga ko‘ra, endi o‘sha zaxirani ikki barobarga ko‘paytirish maqsad qilingan.

Mavzuga oid
Top