18:40 / 04.10.2017
14438

Shavkat Mirziyoyev yaqin vaqt ichida Ozarboyjonga safar qilishi kutilmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil yakuniga qadar Ozarboyjonga tashrif bilan borishi mumkin. Bu haqda Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchisi Guseyn Guliyevga asoslanib Report nashri xabar bergan.

«2016 yilda O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov Bokuga tashrif uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rgan, biroq sentabr oyida u vafot etib, rejalar o‘zgarib ketgandi.

Ayni kunlarda O‘zbekiston Prezidentini Ozarboyjonga taklif qilib, maktub yubordik. Taklif qabul qilindi. Tashrif shu yil amalga oshirilishi kutilmoqda», — degan Guliyev.

«Telegraf.uz» xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevning 5—6 oktabr kunlari O‘zbekistonga bo‘ladigan tashrifidan so‘ng Ozarboyjonga safar qilishi mumkin.

Bundan oldinroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov jurnalistlar bilan uchrashuv vaqtida davlat rahbari shu yil davomida Janubiy Koreya va Yaponiyaga borishni rejalashtirgani haqida ma'lumot bergandi.

«Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar rivojlantiriladi, shu yilda Janubiy Koreya va Yaponiyaga tashrif uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda», – degandi vazir.

Mavzuga oid
Top