8277.53 USD +6.26

9451.28 EUR +76.62

125.56 RUB +3.77

10625.9 GBP -105.28

10:20 / 05.10.2017 5829

O‘zLiDeP Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi ijrosiga bag‘ishlangan anjumanlar o‘tkazmoqda

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat yuridik univeriteti va bir qator boshqa oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda ma'muriy islohotlar: Kontseptsiya va rivojlanish istiqbollari” mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi. Unda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta'minlash masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.

Konferentsiyaning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasining mazmun-mohiyatini, davlat organlari faoliyatini takomillashtirishdagi rolini keng jamoatchilikka yetkazish, amalga oshirilayotgan islohotlarning to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta'minlashga qodir davlat boshqaruvi faoliyatiga doir masalalarni muhokama qilish, shuningdek, partiya dasturiy hujjatlarida davlat boshqaruvi tizimiga oid yangi g‘oya va yo‘nalishlarni aks ettirish va O‘zLiDePni Kontseptsiya qoidalarini hayotga tatbiq etishga faol jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Dastlab O‘zLiDeP tomonidan Samarqand, Buxoro va Qoraqalpog‘iston davlat universitetlari negizida shu mavzuga bag‘ishlangan hududiy anjumanlar o‘tkazildi, bu mazkur dolzarb mavzuni muhokama qilishga yanada ko‘proq olim va tadqiqotchilarni jalb qilish imkonini berdi.

Tadbirda fan va ekspert doiralari vakillari O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasining mazmun-mohiyatini, uning asosiy qoida va vazifalari, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini liberallashtirish tamoyillari, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik jarayonlarini takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlariga ma'muriy ta'sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish, vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish, professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish, korrupsiya kabi salbiy illatlarga qarshi kurashish kabi masalalarni muhokama qildilar.

Muhokamalar davomida anjuman ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirishda O‘zLiDePning ta'sirchan ishtiroki bo‘yicha ko‘plab takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, qonunchilikka ijro etuvchi hokimiyat organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini aniq belgilash va javobgarlik doirasini chegaralash, davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashuvini kamaytirish, ma'muriy adliya tizimini rivojlantirish va murojaatlarni kollegial eshitishni joriy qilish hamda ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ishlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Ekspertlar hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ijro etuvchi hokimiyat hududiy organlarining tashabbuskorligi va ishtirokini oshirish jarayonlarida Xalq deputatlari kengashlaridagi deputatlik guruhlari imkoniyatlaridan foydalanish lozimligini alohida ta'kidladilar.

Anjumanda O‘zLiDePning “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligini izchil oshirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan aholi muammolarining hal qilinishi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazorati mexanizmlarini kengaytirish va mustahkamlashda faol ishtirokini ta'minlash xususida ham fikr almashildi.

Konferentsiya yakunida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasining amalga oshirilishi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlariga ma'muriy ta'sir ko‘rsatishni qisqartirish, vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligini muvofiqlashtirish, davlat boshqaruvi tizimiga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni, korrupsiyaga qarshi kurashishning ta'sirchan mexanizmlarini joriy etishga xizmat qilishi bo‘yicha umumiy pozitsiya ishlab chiqildi.

O‘zLiDeP Matbuot xizmati.

Top