09:02 / 06.10.2017
12829

Afsonaviy Chusovitina yana porlamoqda: 42 yoshli sportchi jahon chempionati finaliga chiqdi

Foto: Getty Images

Kanadaning Monreal shahrida o‘tayotgan sport gimnastikasi bo‘yicha jahon chempionatida 42 yoshli o‘zbekistonlik sportchi Oksana Chusovitina tayanch sakrash yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar finaliga chiqdi. 

Olimpiadalarda ishtirok etish soni bo‘yicha rekord sohibasi jahon chempionatiga jarohatiga qaramay tayyorgarlik ko‘rganini tan oldi. 

"Sport gimnastikasi momosi" deb e'tirof etiluvchi Chusovitina faoliyatidagi 15-jahon chempionatida ishtirok etmoqda. 

Bu mavsum Oksana uchun ancha omadli kechmoqda. U Bokuda o‘tgan Jahon kubogi bosqichini yutdi, endi esa jahon chempioni nomini olish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Oksananing aytishicha, u bundan ham yaxshiroq ishtirok eta oladi, biroq avvalroq olgan jarohati pand bermoqda. 

"Sakrashlar uncha murakkab bo‘lmadi, biroq shunga qaramay biroz hayajonlandim. Uch hafta oldin oyoq mushaklarimda jarohat olgandim va shundan keyin bir necha kun mashq qila olmadim", deb aytmoqda Chusovitina.

Odatda, sport gimnastikasida 22 yosh pensiya yoshi hisoblanadi. Biroq afsonaviy hamyurtimiz bu qoidadan mutlaq istisnodir.

Bundan tashqari, Chusovitina farzand ko‘rgandan keyin sportga qaytgan 4 gimnastikachidan biri hisoblanadi. Biroq u va yana bir afsonaviy gimnastikachi Larisa Latinina sportga qaytgach o‘z ishtiroklarini avvalgidek yorqin davom ettira olganlar.

Chusovitina sportda o‘g‘li Alisher deb bunday uzoq vaqt qolmoqda. Alisher 3 yosh bo‘lganda unga oqqon kasalligi tashxisi qo‘yilgan. Shu sababli Oksanaga o‘g‘lining davolanishiga hak to‘lash uchun g‘alabalar kerak edi. O‘sha vaqtda bolaning davolanishi uchun 120 ming dollar talab etilgan. Chusovitina o‘g‘lining sog‘ayib ketishi uchun 4 xonali kvartirasini va ikkita mashinasini sotgan, biroq olingan pullar baribir yetmagan. Alisherni Germaniyaning Kyoln shahri sport klubi va befarq bo‘lmagan odamlar yordami bilan oyoqqa turg‘azishga muvaffaq bo‘lingan. 

Oksana 7 ta Olimpiadada ishtirok etgan va uning bu natijasi Ginness rekordlar kitobida qayd qilingan. Oksana 3 yildan keyin, 45 yoshida Tokiodagi Olimpiadada 8-marotaba ishtirok etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Shunday ekan, bu tinib-tinchimas sportchimizga yanada ulkan zafarlar tilab qolamiz.

Top