08:30 / 06.10.2017
13083

AQShga yaqinlashayotgan yangi dovul 22 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Foto: EPA

Karib dengizida "Neyt" nomini olgan yangi tropik shtorm vujudga keldi. U dovulgacha kuchaymoqda va hozirning o‘zida 22 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. "Neyt" AQShning Meksika ko‘rfazidagi sohillariga yo‘nalmoqda. Bu haqda AQShning dovullardan ogohlantirish milliy markazi ma'lum qilgan.

"Neyt" AQShning janubiy sohillariga dovul kuchiga ega bo‘lgan holda shu dam olish kunlari yetib borishi hamda kuchli shamol va yog‘ingarchalik oqibatida vayrongarchiliklar keltirib chiqarishi kutilmoqda", deb aytilgan xabarda.

"Neyt"dan birinchilardan bo‘lib jabr ko‘rgan Nikaragua rahbariyati tabiiy ofatdan kamida 15 kishi halok bo‘lganini, yana bir necha kishi bedarak yo‘qolganini tasdiqlagan. Halok bo‘lganlardan bir qismi suv oqimi bilan Xuigalpa kanaliga oqizib ketilgan. Bundan tashqari, Kosta-Rikada ham 7 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingan, 15 kishi bedarak yo‘qolgan. Yomon ob-havo tufayli yuzaga kelgan toshqinlar oqibatida 5 ming uy suv ostida qolgan.

AQShning dovullardan ogohlantirish milliy markazi ma'lumotlariga ko‘ra, "Neyt" hozirda Gondurasning Puerto Lempira shahridan 72 km uzoqlikda joylashgan. Ob-havo mutaxassislari ma'lumotlariga ko‘ra, shtormning shamol tezligi 64 km/soatni tashkil qilmoqda. 

AQShning Luiziana shtati rahbariyati Yangi Orlean yaqinidagi San-Bernar okrugi majburiy evakuatsiya qilinishini e'lon qilgan. Bundan tashqari, shtatdagi Grand Ayl oroli aholisiga ham evakuatsiya imkoniyati taqdim qilingan.

Yangi Orlean meri Mitch Landro shaharda favqulodda vaziyat tartibi kiritilishini ma'lum qilgan. "Sarosimaga sabab yo‘q, biroq tayyor turishga bor", deb aytgan mer.

Bu orada Luiziana gubernatori Jon Bell Edvards ham favqulodda vaziyat tartibi kiritilishini va milliy gvardiyaning 1500 harbiysi safarbar qilinishini ma'lum qilgan. 

"Neyt" Luizianaga 8 oktabrda kelishi kutilmoqda. Unga birinchi xavflilik darajasi berilgan. 

Top