23:15 / 06.10.2017
27525

«Terimchilarda paxta terimi uchun belgilangan narxlarga e'tiroz yo‘q» - Bosh vazir o‘rinbosari

Paxta xaridining to‘lovi to‘liq va o‘z vaqtida bajarib borilishi davlat idoralari tomonidan nazorat ostiga olingan. Hozirda paxta terimi uchun belgilangan narx yuzasidan terimchilarda e'tirozlar yo‘q. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Nodir Otajonov Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasi vaqtida ma'lum qildi. 

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, 1 oktabrdan boshlab qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun 500 so‘m haq berish joriy qilindi. Mazkur to‘lovning to‘liq va o‘z vaqtida berib borilishi nazorat ostiga olingan. Belgilangan narx yuzasidan terimchilarimizda hech qanday e'tiroz yo‘q», dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

Nodir Otajonov shuningdek, O‘zbekiston paxta yetishtirishda yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishi va yerlarning hosildorligi bir kunlik terimni 100 kilogrammdan ham oshirishga imkon berishini aytib o‘tgan.

Hozirda O‘zbekistonda paxta hosilining 60 foizi yig‘ib bo‘lingan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva ham shu mavzuda fikr bildirib o‘tgan.

«Hukumat tomonidan belgilangan narx - bu faqat shu qiymatda ish haqi berilsin, degani emas. Bu shu miqdordan kam bo‘lmagan ish haqi joriy qilinishini bildiradi. Bugungi kunda ayrim viloyatlarda fermerlarimiz tomonidan 600 so‘m, 700 so‘mdan to‘lovlar ham amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, mehnatkashlarimizga turli moddiy rag‘batlar ham joriy etilmoqda», degan u. 

Shuningdek, Xalqaro Press-klub rahbari Sherzod Qudratxo‘jayev ham Respublikamizdagi paxta terimi mavsumi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: 

«Viloyatlarga safar qilganimizda dalada paxta terayotgan insonlarga mehnat qilishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘ldik. Ularga bir mahal issiq ovqat - asosan palov va shavla bepul berilmoqda».

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «2017 yil hosili paxta xom ashyosining xarid narxlari to‘g‘risida»gi  qaroriga muvofiq, qo‘lda terilgan paxta xom ashyosining 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda — 450 so‘mdan, ikkinchi bosqichda 2017 yil 1 oktabrdan boshlab — 500 so‘mdan to‘lash belgilangan. Shuningdek, mashinada terilgan paxta xom ashyosining 1 tonnasi uchun 260 000 so‘mdan to‘lash to‘g‘risidagi taklifi ma'qullangan.

Top