01:25 / 07.10.2017
55110

Avtobus halokati: oqibatlar emas, sabablar bilan kurashaylik

Foto: RIA "Novosti"

Bu juma oqshomi O‘zbekiston uchun yana bir mudhish hodisa bilan tarixga kirdi. Rossiyaning Vladimir oblastida avtobusning yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashuvi natijasida 17 o‘zbekistonlik halok bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan halok bo‘lganlar va jabrlanganlarni O‘zbekistonga olib kelish, ularga va yaqinlariga ko‘mak ko‘rsatib bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilib, ayni daqiqalarda Rossiyaga uchgan Mudofaa vazirligiga tegishli maxsus bort Termizga qo‘ndi. Boisi avariyada jabrlanganlarning aksariyati surxondaryoliklar ekan...

Yodingizda bo‘lsa, 22 iyun kuni ham xuddi shunday baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan, Qozog‘iston hududida 50 nafar o‘zbekistonlikni olib ketayotgan avtobus halokatga uchragan edi. O‘shanda baxtsiz hodisada 9 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi. Orada Rossiya va Qozog‘iston hududida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bo‘lgan transport vositalarida yana ko‘plab katta-kichik baxtsiz hodisalar ro‘y berdi. Ammo bu kabi ishlarda O‘zbekiston hukumati faqatgina oqibatlar bilan kurashib, halok bo‘lgan va jarohatlanganlarni O‘zbekistonga olib kelish, ularning oilalari va yaqinlariga ko‘mak ko‘rsatish bilan kifoyalanmoqda. Nima uchun bu kabi hodisalarning sabablari o‘rganilib, ularni barvaqt aniqlash va bartaraf etish choralari ko‘rilmayapti? Yana o‘nlab, yuzlab o‘limlar bo‘lishi kerakmi amaliy harakatga o‘tish uchun?

E'tibor bergan bo‘lsangiz, har ikki holatda ham 50 nafar atrofidagi o‘zbekistonliklar Rossiyaga Qozog‘iston avtobusida ketayotganda halokatga uchradi. Ular aynan Qozog‘iston avtobusida Rossiyaga yetib olish arzonga tushgani sababli ham shu yo‘lni tanlashgan. Demak, O‘zbekiston hukumati ayni shu masalani sinchiklab o‘rganishi va fuqarolar uchun eng optimal yechimni topishi shart!

Shuningdek, bu baxtsiz hodisa Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi taklif etayotgan variantlar ham hali mukammal emasligini ko‘rsatmoqda. Vazirlik mutaxassislari Rossiyaga Qozog‘istonning avtobuslarida ketishni ma'qul ko‘rayotganlar o‘rtasida ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazib, ular uchun muqobil takliflarni ishlab chiqishi kerak.

Yana bir gap. Modomiki, O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston orqali Rossiyaga ketishni ma'qul ko‘rayotgan ekan, Qozog‘iston hukumati bilan ham bu yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerakdir. Chunki ma'lumotlarga ko‘ra, halokatga uchragan «Mersedes-Bents 0303» markali avtobus 1990 yili foydalanishga topshirilgan. Germaniyada bunday avtobuslar ishlab chiqarilishi 1993 yildayoq to‘xtatilgan. «Ishlab chiqarilganiga 24 yildan ortiq vaqt bo‘lgan transport vositasining texnik uskunalari eskirganiga 15 yildan oshgan. Shu bilan birgalikda, haydovchilarning mas'uliyatini oshirish, ularga bo‘lgan talablarni kuchaytirish ham zarur...

Zero, KUN.UZ ma'lumotiga ko‘ra, hodisada avtobus haydovchisining aybi katta. Yo‘l harakati qoidalariga binoan, transport vositasi temir yo‘l ustida buzilib qolsa, haydovchi birinchi navbatda yo‘lovchilarni tashqariga chiqarishi va ularni xavfsiz hududga o‘tkazishi kerak. Ikki kishi temir yo‘l bo‘ylab qarama-qarshi tomonga imkon qadar uzoqroqqa borib, qarshidan keluvchi poyezd mashinistini fonar yoki boshqa vosita orqali ogohlantirishi kerak. Ammo avtobus haydovchisi bu ishlarni qilmagan... Xullas, yuqoridagi gap: baxtsiz hodisalarning natijalari, oqibatlari bilan kurashish o‘rniga ularni keltirib chiqarayotgan sabablarni o‘rganish va fuqarolar uchun maqbul yechimlarni topish shart. Aks holda maxsus bortlar parvozi davom etaveradi...

Sanjar Said

Mavzu
Vladimirdagi fojia

Rossiyaning Vladimir viloyatida yo‘lovchi poyezdi avtobusni urib ketdi. Avtobusda o‘zbekistonlik ishchilar bo‘lgan.

Barchasi
Mavzuga oid
Top