00:28 / 08.10.2017
13242

Pentagon Suriya, Rossiya va Eronning IShIDni mag‘lub qilishga qodirligiga shubha bildirdi

Foto: Valeriy Sharifulin / TASS

Suriya prezidenti Bashar Asad qo‘shinlari hamda Rossiya va Eron harbiy guruhlari o‘zlari mustaqil tarzda IShID jangarilarini butkul yakson qila olishlari dargumon, deb aytildi Pentagonda. 

Pentagonning rasmiy vakili Erik Pexon shu tariqa Rossiya mudofaa vazirligining IShIDga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatlari va amerikaliklarning bu operatsiyadagi roliga izoh berib o‘tdi.

"Avtoritar tuzum, Rossiya va Eron vaqtinchalik qandaydir hududni egallay olsa-da, biroq ularning urinishlari IShIDning butkul va tamoman mag‘lub bo‘lishiga olib kelishi dargumon. IShID qisman Suriya amalga oshirgan tahqirlovchi choralar sababli paydo bo‘lgan. IShID egallab turgan hududini butunligicha yoki katta qismini yo‘qotsa ham, xavfli qo‘poruvchilik harakatlarini qo‘llayveradi", deb aytgan Pexon TASS axborot agentligi muxbiriga.

Pexonning aytishicha, Asad hukumati Rossiya ko‘magida "IShID nazoratidan katta hududlarning olib chiqilishi va u yerga terrorchilarning qaytmasligi oldini olish uchun sharoitlar yaratish borasida uzoq muddatli muvaffaqiyat"namoyish qilmagan. Bu orada Suriyada bo‘lgan amerikalik harbiylar IShID xavf bo‘lib qolguncha, hamkorlariga yordam berishda davom etadi.

"Hamkorlarimiz koalitsiya ko‘magida IShIDni mag‘lub qilmoqda va ularning joylarda boshqaruv va xavfsizlik kuchlarining samarali organlarini tashkil etish bo‘yicha sa'y-harakatlari IShIDning qayta paydo bo‘lishining oldini oluvchi sharoitlar yaratmoqda", deb qo‘shimcha qildi Pexon.

Avvalroq Rossiya mudofaa vaziri Igor Konashenkov Rossiya harbiy-koinot kuchlari Suriyada boshlagan operatsiyalaridan keyin  IShID tomondan nazorat qilinuvchi hududlar 10 martalab kamayganini ma'lum qildi. Konashenkovning aytishicha, amerikaliklar "halifalik" hujumlarini tomosha qilib o‘tirishgan", "kallakesarlarni qurollantirishgan" va "Suriyadagi qonuniy hukumat ag‘darilishigacha qancha kun qolganini sanab o‘tirishgan". 

Konashenkov AQShning At-Tanf harbiy bazasini "qora tuynuk" deb atadi. Uning aytishicha, Pentagon vakillari bu bazada AQSh, Buyuk Britaniya va Norvegiya instruktorlari "Yangi Suriya armiyasi" jangarilarini tayyorlayotganlarini bir necha marotaba ma'lum qilganlar. 

"Haqiqatda At-Tanf 100 km lik "qora tuynukka" aylangan. U yerdan IShIDning mobil guruhlari Suriya qo‘shinlari va tinch aholiga qarshi qo‘poruvchilik-terrorchilik hujumlarini amalga oshirmoqda", deb aytgan Konashenkov.

Top