14:20 / 08.10.2017
133702

«O‘rnimiz - paxtazorda»

Oktyabr oyining boshlanishi yomg‘irli va izg‘irinli kunlarga to‘g‘ri keldi. Yomg‘ir ham yog‘ishga ulgurdi. Doimo talabalar va byudjyet sohasi xodimlarining kuchiga ishongan fermerlarimiz arosatda. Shuncha hosilni nes-nobud qilmasdan terib olishning o‘zi bugunning eng dolzarb masalasi bo‘lib turibdi.

Eshityapmiz, yozishayapti, korxona va tashkilotlar paxta yig‘im terimiga majburlanayapti, xodimlar va xizmatchilar oilasi bag‘ridan yulinib, o‘n kunlab yotoqqa jo‘natilyapti. Yoki o‘rniga mardikor yollashmoqda. Bunday yo‘l bilan mehnat unumdorligiga aslo erishib bo‘lmaydi. Shunday odamlar sidqidildan, yuragi yonib, paxta terishadimi? Aslo!

Fuqarolarimizga vaziyatni chiroyli tushuntiraylik, ularni majburlamaylik. Chunki majburlash bilan hech qachon ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Buni har bir fuqaromiz ham, hanuz sovetcha ishlash siyosatini qo‘llayotgan ayrim rahbarlarimiz ham tushunib yetishlari kerak. Zero, mehnatni yangicha tashkil etish, yangicha yondashuv davri keldi.

Tahririyatimizga Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi Shuhrat Yusupovdan ajib bir murojaat kelib qoldi.

«Assalomu alaykum KUN.UZ saytining jonkuyar va fidoiy xodimlari! Sizlar yurtimizdagi ijobiy o‘zgarishlarga yuksak baho va kamchiliklarga tanqidiy qarashlar bilan xalqimizning ko‘nglidan joy olib kelib qolmoqdasizlar. Ana shunday beminnat xizmatlaringizni qadrlagan holda Sizlarga bir taklif bilan murojaat qilmoqdamiz.

Hozirgi vaqtda paxta yig‘im terim mavsumida ayrim fuqarolar tomonidan paxta terimiga chiqishda sansalorlikka yo‘l qo‘yish yoki nomigagina qatnashish (ko‘zbo‘yamachilik), kun o‘tsa bo‘ldi, «nima paxta menikimi, paxta davlatniki, davlat ishchilari orqali terib oladida», degan qo‘pol tushunchalar ba'zan uchrab turadi. Bu esa juda achinarli holat. Chunki paxta bu milliy boyligimiz, yurtimiz iqtisodiyoti, uni rivojlanishi uchun muhim xomashyo hisoblanadi. Shu yurt farzandiman degan har bir shaxs yurt kelajagi, uning ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shishi, vatanparvarlik va fidoiylik namunalarini ko‘rsatishi, bu ishlarga befarq bo‘lmasligi va ushbu vazifalarni muqaddas burch sifatida qabul qilishi shart deb o‘ylaymiz.

Shu maqsadda mirishkor dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan mo‘l hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish ishlariga Qo‘qon shahrida joylashgan «AROBA TAXI» jamoasi a'zolari ham o‘z hissamizni qo‘shish uchun paxta dalalariga chiqib, paxta terdik. Agar yurtimizning har bir farzandi «Fuqarolar davlatning asosini tashkil qiladi, davlat esa o‘z navbatida fuqarolardan tashkil topadi, biri ikkinchisisiz mavjud bulmaydi. Ularni o‘zaro huquq va majburiyatlar bog‘lab turadi. Davlatim menga barcha huquq va erkinliklarimni amalga oshirish va ulardan foydalanish uchun cheksiz imkoniyatlar yaratdi, tinchligimni saqlash borasida o‘z oldida turgan majburiyatlarini a'lo darajada bajarib qo‘ymoqda. Men-chi? Men esa davlatga nima berdim, tayyor yetishtirilgan oddiygina paxtani termasam nima degan odam bo‘laman, davlat oldida turgan majburiyatimga, burchimga xiyonat qilgan bo‘laman. Shunday ekan, mavsumda paxta hosilini o‘z xohishim bilan, chin yurakdan terib jonbozlik ko‘rsataman, paxta hosili nes-nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman», deb harakat qilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Shu sababli xalqimizdan paxta yig‘im terimida o‘z xohishlari bilan chin yurakdan qatnashib, fidoiy bo‘lib, jonbozlik ko‘rsatishlarini so‘rab qolamiz, iltimos qilamiz.

Hurmat bilan «AROBA TAXI» jamoasi.

 

Namangan viloyati Uychi tumani hokimining tuman ahliga, paxta yig‘im-terimidagi barcha hasharchilarga murojaati ham ijtimoiy tarmoqlarda keng shov-shuv bo‘lmoqda. Tuman hokimining murojaati qog‘ozda chop etilib, tuman aholisi o‘rtasida ham tarqatilgan.

«Mana, o‘zbek xalqining azaliy milliy iftixori va g‘ururi bo‘lgan paxtani yig‘ib-terib olish hal qiluvchi pallaga kirdi. 7.039 gektar maydonga chigit ekib, 23.229 tonna «oq oltin» tayyorlashga bel bog‘lagan dehqonlarimiz, ularga beminnat ko‘mak berayotgan hasharchilar fidoyiliklari bois hozirgacha 12 ming tonnadan ziyod yuqori navli hosil davlat omborlariga topshirildi. Tahlillarning ko‘rsatishicha, bugungi kunda birinchi terim o‘tkazilmagan maydonlar bor. Ana shu maydonlardagi hosilni nes-nobud qilmay, yig‘ib-terib olish bugungi kunning eng muhim vazifasidir.

Shu kunlarda tumanimiz dalalarida 10 ming kishi terimda qatnashyapti. Agar 10 ming kishi o‘rtacha 50 kilogrammdan natija ko‘rsatganda ham 500 tonna hosil yig‘ishtirib olinadi. Bizda ular sonini 20 ming nafarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar bor. Bu tuman aholisining o‘ndan bir qismi demakdir.

Dono xalqimiz topib aytganidek, ko‘pdan quyon qochib qutulmas. Agar biz uychiliklarning doimiy an'analariga sodiq qolib, hamjihatlikda, yelkama-yelka turib mehnat qilsak, albatta, niyatimizga yetamiz. Zero, tumanimiz ahli hamisha lafzining ustidan chiqib, va'daga vafo qilib kelgan. Chunki va'daga vafo ham iymondan», deyiladi murojaatda.

 

Tahririyatimizga O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining murojaatnomasi ham yetkazildi.

«Qadrli ayollar, aziz opa-singillar, munis onaxonlar!

Biz, ayol zotiga mansub har birimiz, qalban fidoyilik bilan tug‘ilganmiz, yuragimiz farzand, oila va ona Vatan desa yanada tezroq, hayajonliroq uradi, yetmish ikki tomirimizda g‘ayrat, shijoat uyg‘onib ketadi. Fidoyilik bizning tug‘ma fazilatimiz, qon-qonimizga singgan odatdir! Siz bilasiz, dunyoda jamiki ne'matlar aziz, lekin biz uchun eng aziz, nondek muqaddas ne'mat – bu paxtadir. Ko‘zlarimizni quvnatib qiyg‘os ochilgan paxtani nes-nobud qilmasdan terib olish Sizu bizdan o‘sha eng oliy fazilat – FIDOYILIKni talab etadi.

Aziz ayollar!

Tong sahar turib paxta dalasiga otlanishda qanday hikmat borligini, bundan farzandlarimizga halol rizq-nasiba keltirishimizni hech bir odam Sizchalik anglamaydi, Siz kabi jonu jahoni bilan his etolmaydi! Yaratganimiz shu paxta dalalari ichra el koriga yarashimizga kuch bergani uchun shukronalar aytib, yanada jipslashaylik, hamjihatlikda paxta terimi mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazaylik! Ayol bo‘la turib yelkasiga onalikni, dehqonchilikni, fermerligu paxtakorlikni ham ola bilgan Siz kabi har bir ayol sevimli shoirimiz Sirojiddin Sayyid ta'biri bilan aytadigan bo‘lsak:

Bu diyorda oru nomus, sha'nu shavkatdir ayol,

Mehru shafqatdan yaralgan, mehru shafqatdir ayol.

Olam uzra bir quyosh bor, bitta oy bordir, valek,

Yerdagi nur — mohitobon, shamsi tal'atdir ayol! — deya ulug‘lanishga munosibdir!

Mana shu so‘zlarning o‘zi Siz azizlarga mavsum davomida kuch, g‘ayrat, shijoat bag‘ishlaydi, shu so‘zlardan kuch olib, paxta xirmonlarini ko‘kka bo‘y cho‘zdirasiz, shu so‘zlar Sizni haqiqiy qahramonliklarga chorlaydi deb umid qilamiz!

Munis onaxonlarimiz esa, oila a'zolarini qo‘llab-quvvatlab, o‘zlarining bebaho niyatlari bilan yurtimizni, ish va o‘qishga otlangan barcha-barchani duo qilib tursalar, hayotimiz tinch va farovon bo‘ladi, dasturxonlarimiz rizqu ne'matlarga to‘la bo‘ladi. Shuningdek, bu yil boshqa yillardan farqli o‘laroq, terilgan paxta uchun to‘lanadigan narx keskin oshdi, ish haqi har kuni o‘z vaqtida berilmoqda. Bo‘sh vaqtimizni mehnat bilan mazmunli o‘tkazsak, qaysidir ma'noda daromadimiz oshadi, ehtiyojlarimiz bartaraf etiladi. Mehnat insonga nafaqat daromad keltiradi, balki o‘ziga ishonch, mustahkam iroda, sihat-salomatlik baxsh etadi.

Shunday ekan, yon-atrofimizdagi qo‘ni-qo‘shnilarni, qavmu qarindosh, yaqinlarimizni ham paxta terimiga safarbar etib, nasibamiz bo‘lgan paxtani yo‘llarda, yerlarda, dalalarda sochilib yotishiga yo‘l qo‘ymay, tez kunlarda terib olaylik! Mehnatkashlik, fidoyilik hayot tarzi bo‘lgan barchamiz hosil to‘ylariga omonlikda yetaylik! Sizning halol mehnatingiz samarasiga suyanamiz, azizlar!», — deyiladi O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining murojaatida.

«Tunov kuni mahalla fuqarolar yig‘inimiz raisi mahallamizdan paxta yig‘im terimiga yordam berish uchun chiqayotgan yordamchilarni erta tongda tumandagi dalaga eltib qo‘yishni iltimos qilib qoldi, — deb yozadi muxlislardan biri. — Bajonidil rozi bo‘ldim. Tong sahar yo‘lga chiqdik. Bahonada dalalarni ko‘rib keldim. Dalalarda paxta mo‘l. Fermerlarimiz zap mehnat qilishibdi. Mahallaqo‘m bilan birinchi terim terib olingan paxtazordagi g‘o‘zadan yana ochiladigan 19–20 tadan ko‘sak sanab chiqdik. Lekin shusiz ham paxtazor oppoq bo‘lib yotipti. Uni terayotgan odamlar esa chamamda picha kamroq edi. Keyingi kunlarda yoqqan yomg‘irda o‘sha paxta paykallariyu, uni yetishtirgan fermerning ahvoliga biroz achindim».

Ha, hech qanday majburlash yo‘q. Chiqmasangiz hech kim sizni urishishga, po‘pisa qilishga yoki bosim o‘tkazishga aslo haqli emas. Lekin hosil ulkan. Dehqonlar mehnat qilgan. Oq oltin uvol bo‘lmasligi kerak. Dam olish kunlarida dalalarga oilaviy chiqib, toza havoda bahra olib, o‘ynab-kulib, davlatimiz xirmoniga hissa qo‘shish bu ham vatanparvarlik belgisi.

1997–1998 yillarda janubi-sharqiy Osiyoda moliyaviy inqiroz ro‘y berganida, davlatning iqtisodiyotini ko‘tarish uchun hech kim majburlamasa ham, Vatan ravnaqi uchun Janubiy Koreya aholisi o‘zlari taqib yurgan tilla taqinchoqlargacha olib borib, banklarga topshirishgani haqida o‘qigan chiqarsiz. Vatan ravnaqi uchun jonbozlik ana shunday ko‘rsatiladi.

Yurtimizda keng qamrovli islohotlar bilan yangi davr boshlandi. Kelgusida paxtachalik sohasida ulkan o‘zgarishlar yuz berishi rejalashtirilmoqda. Paxta maydonlari qisqartiriladi. Uzoq muddatli rejaga ko‘ra, uning o‘rni paydar-pay sabzavot, poliz va bog‘dorchilik mahsulotlariga bo‘shatiladi. Paxtani esa, kuni-kecha Senat yalpi yig‘ilishida ta'kidlanganidek, mashinalarda terib olishga e'tibor kuchaytiriladi. Yurtimizda bu sohaga oid konstruktorlik byurosi ochilmoqda, yaqin yillarda paxta mashinalarini ishlab chiqarish yiliga 10 ming donagacha ko‘paytiriladi.

Nasib etsa, bunday sinovli kunlar ham ortda qoladi, yaxshi kunlar albatta keladi. Lekin bugun yetishtirilgan va bugun terib olinishi shart bo‘lgan hosil uvol bo‘lmasligi kerak.

Oltin kuzning keyingi kunlar quyoshli, iliq bo‘lishi kutilmoqda. Qishloqlarda, shaharlarda bekor yurgan, ortiqcha vaqti bo‘lgan fuqarolar paxta terib, mamlakatimiz xirmoniga o‘z ulushlarini qo‘shishlari haqida o‘ylab ko‘rsalar yaxshi bo‘lar edi. Boz ustiga, bu beminnat xizmat emas, evaziga yaxshigina pul ham ishlashlari mumkin.

Top