02:04 / 10.10.2017
24981

2017 yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti nima uchun berildi?

Foto: Vida Press

9 oktabr kuni 2017 yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti "xulq-atvor iqtisodiyotini o‘rganishga qo‘shgan hissasi uchun" amerikalik Richard Talerga nasib etgani haqida ma'lum qilindi. IloveEconomics.ru loyihasi asoschisi Danil Fyodorov «Meduza»ga xulq-atvor iqtisodiyoti nimasi bilan muhimligi va Richard Talerning kashfiyotlari qanday qilib har birimizning hayotimizga ta'sir qilishi mumkinligi haqida aytib berdi.

 

Xulq-atvor iqtisodiyoti nima?

Iqtisodiyotchilar juda uzoq vaqt davomida odamlarning o‘z xulq-atvoriga ko‘ra irratsionl ekaniga doir faktni rad etib kelishgan. Klassik iqtisodiy nazariyada inson - cheksiz hisoblash qobiliyatiga ega, bor axborotni tahlil qiluvchi va doim eng yaxshi qaror qabul qilishi mumkin bo‘lgan mavjudot. Richard Taler va boshqa tadqiqotchilar odamlar aslida hisoblashni yaxshi bilmasligi, cheklangan irodaga egaligi va ratsionalligi juda chegaralangan ekanini ko‘rsatdi. Bunga qadar mazkur vaziyatni to‘g‘ri modellashtirish hali hech kimning xayoliga kelmagandi, chunki inson xulq-atvorini qanday qilib modellashtirish mumkinligi biroz tushunarsiz edi. Taler va boshqa qator olimlar bunga izoh berishga muvaffaq bo‘lishdi.

Cheklangan ratsionallik. Richard Taler odamlar qanday qilib moliyaviy qarorlarni yengillashtirishini izohlovchi aqlli hisob-kitob nazariyasini ishlab chiqdi

Xulq-atvor iqtisodiyoti haqida birinchi bo‘lib kim va qachon so‘z ochgan?

Xulq-atvor iqtisodiyoti 1970-1980-yillarda paydo bo‘lgan. Nobel sovrindori Daniel Kaneman, o‘z Nobeligacha yetib kela olmagan Amos Tverski va Kanemanning 80-yillardagi ko‘plab ishlariga hammualliflik qilgan Richard Talerlar uning ishlanmasi bilan shug‘ullanishgan. 2002 yilda xulq-atvor va tajriba iqtisodiyoti sohasidagi tadqiqotlari uchun Kaneman - darvoqe, iqtisodchi emas, psixolog - va Vernon Smit olgan. O‘shanda mukofotni Richard Talerga topshirish mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi, biroq Nobel qo‘mitasi biryo‘la bir necha iqtisodiyotchini mukofotlashga jazm qilmagan ko‘rinadi.

 

Umuman olganda, barcha bunday tadqiqotlar iqtisodiyotni psixologiya bilan bog‘lovchi intizomiy xarakterga ega. Psixologlar iqtisodiyotga qiziqa boshlashdi, iqtisodchilar esa - psixologiyaga. Iqtisodchilar odamlarning ratsional emasligini tushunib yetishdi, shuning uchun psixologiyada bu haqida nima deyilganini ko‘rish kerak. Psixologlar esa inson xatti-harakatlariga doir tadqiqotlarda qo‘llash mumkin bo‘lgan qiziqarli narsalar ko‘pligini anglashdi.

 

Richard Talerning xulq-atvor iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi nimada?

Bu soha tadqiqotchilari odatda bir qarashda, odamlar o‘zlarini irratsional tutgan holatlarni olishadi va ularning nima uchun o‘zlarini bunday tutayotganini izohlovchi iqtisodiy yoki psixologik effektni topishga harakat qilishadi.

Deylik "Aeroflot" saytidan chipta xarid qilayotganingizda barcha qo‘shimcha belgilar (galochki) - masalan, sug‘urta polisi xaridi haqida - xohishga ko‘ra taklif etiladi. Nima uchun sizga polisdan voz kechishni emas, unga rozilik berish so‘raladi? Ma'lum bo‘lishicha, bu katta ahamiyatga ega: inson nafaqat qo‘l ostidagi muqobillar orasida tanlovni amalga oshiradi, balki o‘zi duch kelayotgan shart-sharoitlardan ham kelib chiqar ekan. Agar belgi turgan bo‘lsa, odamlar sug‘urta polisiga ko‘proq rozilik beradi, bu esa daromadda millionli o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

Nazoratning yetishmasligi. Odissey va Sirena qisqa muddatli va uzoq muddatli rejalar o‘rtasida zavq olish uchun illyustratsiya sifatida

Richard Talerga ko‘ra, inson xulq-atvoridagi bunday xususiyatlardan nafaqat pul ishlashda, balki ularni keyin xursand qiladigan qarorlarni qabul qilishda ham foydalanish mumkin.

 

Fitnes-klubga abonement olib, keyin u yerga bormaslik Taler tomonidan qanday izohlanadi?

Taler bir kishi ikki iqtisodiy agentga ega bo‘ladigan modelni yaratdi: biri - rejalashtiradi, ikkinchisi -bajaradi. Inson abonement sotib olish borasida qaror qabul qilayotganda uning kelgusida klubga necha marta borishiga bog‘liq rejasi bo‘ladi. Abonement sotib olingandan keyin esa, u yerga borish yo bormaslik qarorini jismoniy jihatdan bir inson bo‘lishiga qaramay, go‘yoki boshqa odam qabul qiladi. Dushanba kuni ertalab turib zalga borish yo bormaslik haqida o‘ylovchi sub'yekt, bir tomondan, o‘zini uxlashda davom etishga ko‘ndirishga harakat qiladi, boshqa tomondan esa - "men abonementga pul to‘lab qo‘ydim, axir!" deya fikrlaydi. "Rejalashtiruvchi" va "bajaruvchi" firma egasi va uning yollanma menejyeri kabi bir xil munosabatlarda bo‘ladi: birinchisi ikkinchisiga rag‘bat yaratishi kerak. Keyin afsuslanadigan pul xarajati - shunday rag‘batga misol bo‘la oladi va fitnes-klublar buni yaxshi biladi (shuning uchun ular asosan bir martalik emas, yillik abonementlarni sotishadi).

 

Mukofot nima uchun aynan Talerga berildi?

Nobel mukofotining unga berilishiga sabab, bu nisbatan yangi yo‘nalishligida - unga hali 50 yil bo‘lgani yo‘q.

Fizikadan farqli o‘laroq, iqtisodiy yo‘nalishdagi Nobel mukofotlari odatda qandaydir aniq bir kashfiyot uchun berilmaydi. Mukofot barcha xizmatlar uchun umumiy e'tirof sifatida beriladi. Talerning xizmati shundaki, u xuddi xulq-atvor iqtisodiyoti asoschilari Tverski, Kaneman va boshqalar kabi bu hali urf bo‘lmagan paytlarda, hali hech kim buni jiddiy qabul qilmagan vaqtlar ular shu mavzudagi tadqiqotlar bilan shug‘ullanishgan va iqtisodiy ilm-fan rivojidan ilgarilab ketishgan. Bugun esa hech kim xulq-atvor iqtisodiyotini bekor gap demaydi, ular endigina tadqiqotlarni boshlaganda esa hamma shunday degan. Ular mana shu yangi yo‘nalishni yaratishdi.

 

Oddiy odamlar bu bilimni qo‘llashi mumkinmi?

Talerning «Nudge: Tanlov arxitekturasi» nomli kitobi bor. Unda bizning ratsionallik bilan bog‘liq ko‘plab muammolarimiz juda yorqin misollar bilan keltirilgan. Kitobni o‘qisangiz, bizdan foydalangan holda qanday pul topilayotgani, "qopqonlar" qayerda qo‘yilishi tushunarli bo‘ladi.

Masalan, kitobda mana bunday tajriba keltirilgan. Taler va Kaneman ikki guruh mutlaqo tasodifiy odamlarni to‘plashdi. Bir guruhga oddiy krujka berib, uni qanday narxda sotishga tayyor ekanliklarini so‘ralgan. Ikkinchi guruhda esa krujka berilmagan, shunchaki ularni qanchaga xarid qilishga tayyor ekanliklari so‘ralgan. Ma'lum bo‘lishicha, sotayotgan guruh vakillari sotib olayotgan guruhdagilardan ko‘ra krujkaga yuqori baho bergan. Bu qo‘lga krujka berilganida uni o‘zingizniki ekanini his qilib ko‘rganingiz va shu bois uni sotishga tayyor emasligingiz bilan izohlanadi. Shuning uchun uyali telefonlar bilan savdo qiluvchi supermarketlar yoki do‘konlarda sizga bajonidil tovarni ushlab ko‘rish taklif etiladi. Shu tovarni qo‘lingizda ushlab turganingizning o‘ziyoq psixologik jihatdan sizni uni xarid qilishga undaydi. Bunday xatti-harakatda hech qanday obektivlik yoki ratsionallik yo‘q. Buni anglab yetsangiz, avvalgidan ko‘ra o‘ylabroq ish tutadigan bo‘lasiz.

Top