18:44 / 10.10.2017
30307

Tatariston prezidenti O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosariga taklif bilan chiqdi

Foto: motor.rutatar-inform.ru

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya 10 oktabr kuni amaliy tashrif bilan Tatariston Respublikasiga keldi.

Tatariston Respublikasi bosh vaziri Aleksey Pesoshin «Kazan» xalqaro aeroportida O‘zbekiston delegatsiyasini kutib oldi.

Shundan so‘ng Tatariston Respublikasi prezidenti Rustam Minnixanov G‘ulomjon Ibragimov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Rustam Minnixanov O‘zbekiston delegatsiyasining Qozonga tashrifi Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Tatariston prezidenti ta'kidlaganidek, Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi hozirgi paytda barcha mavjud imkoniyatlarni aks ettirmaydi: «Biz hamkorlik uchun katta istiqbollarni ko‘rmoqdamiz. Bunga o‘xshash tillar, madaniyat va urf-odatlarimiz yordam beradi. Lekin eng muhimi, ikki mamlakat oliy rahbariyatining xohishi bor».

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashni Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishda ustuvor vazifa sifatida belgilab olishdi, deya ta'kidlab o‘tdi Rustam Minnixanov.

Uning aytishicha, Tatariston neft qazib olish va neft-kimyo sanoatini rivojlantirishda katta tajribaga ega. Ushbu sohaning asosiy korxonalari – “Tatneft” va “Taif” hisoblanadi. Rustam Minnixanov bu sohada hamkorlik qilishning barcha imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qildi: tayyor mahsulotlarni O‘zbekistonga yetkazib berish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan tortib soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlikkacha.

O‘z navbatida, O‘zbekiston yengil sanoatning rivojlangan tarmog‘iga ega. «Ishonchim komilki, biz bu sohada aloqalarni yo‘lga qo‘yamiz. Biz o‘zbek biznesini respublikaga taklif qilishimiz, ularga barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishimiz, zarur yordamni ko‘rsatishimiz kerak», - dedi Rustam Minnixanov.

Tatariston prezidenti sayyohlik aloqalarini, muhandislik, qurilish, uy-joy-kommunal xizmatlari, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, axborot, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni faollashtirish zarurligini ta'kidladi.

Rustam Minnixanov G‘ulomjon Ibragimovga ishbilarmon doiralar vakillarining qo‘shimcha tashriflarini tashkil etish va oy oxiriga qadar asosiy biznes loyihalarini aniqlashni taklif qildi.

O‘z navbatida G‘ulomjon Ibragimov O‘zbekiston rahbariyati Tatariston bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.

«Tatariston bir qator sohalarda katta tajribaga ega. Biz sizdan juda ko‘p narsalarni olishimiz, shuningdek u yoki bu vazifalarni birgalikda hal qilishimiz mumkin. Bugun biz “KAMAZ”, “Tatneft” va respublikaning boshqa yirik korxonalari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha jiddiy maqsadlarga egamiz. Eng muhimi, biz kelgusida ishlash mexanizmlarini aniqlashtirib oldik. O‘ylaymanki, biz bu yil ba'zi loyihalarni boshlaymiz», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari.

Mavzuga oid
Top