11:30 / 10.10.2017
44385

Jasurbek ishida Islombek To‘laganov otasining ko‘rsatmalari tinglandi

9 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudida P. Borovskiy nomli tibbiyot kollejining talabasi Jasurbek Ibrohimov ishi bo‘yicha 6-kungi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh sud-tibbiy ekspertizasi mutaxassisi Farhod Lochinov, sudlanuvchi Islombek To‘laganovning otasi Abdujalil Rasulov, kollej bitiruvchisi Timur To‘xtayev (o‘sha vaqtda 3-kurs talabasi) hamda Dilshod Abdullayev (u ham o‘sha vaqtda 3-kurs talabasi) ko‘rsatmalari tinglandi.

Sud majlisiga raislik qiluvchi Matchonov, davlat ayblovchisi Akromov, advokatlar Ibrohimov, Tohirov, Ismoilovalar guvohlardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishga harakat qilishdi. 

6-kungi eshituvlarda ham avvalgi majlislarda bo‘lgani kabi ayrim guvohlar voqeaning ayrim jihatlarini yoddan ko‘tarishganini, bir masalani aniq-tiniq bilsa-da, ikkinchisini umuman eslay olmayotganliklarini da'vo qilishdi. Bu jihatlar sudya hamda prokuror so‘rovi bilan sud bayonnomasida qayd etildi.

Islombek To‘laganovning otasi Abdujalil Rasulov

Xususan, Dilshod Abdullayev tergov vaqtida bergan ayrim ko‘rsatmalarini, garchi o‘z qo‘li bilan imzo qo‘yganini e'tirof etgan bo‘lsa ham, inkor etdi. 

Eslatib o‘tamiz, P.Borovskiy tibbiyot kollejining 2-kurs talabasi Jasurbek Ibrohimov olingan tan jarohatidan so‘ng amalga oshirilgan jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng 2017 yil 1 iyun kuni vafot etgan edi. Shundan keyin Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘agan, keyinchalik tergov amaliyotini shahar prokuraturasi o‘tkazgan edi. 

Navbatdagi sud majlisi 12 oktabr kuni soat 11-00 da davom etadi. 

Mavzuga oid
Top