23:27 / 11.10.2017
22205

Xalq ta'limi vaziri: Maktab formalarida yorqinlik, bejirimlik yetishmaydi

Foto: KUN.UZ

2017 yil 11 oktabrda "O‘zbekengilsanoat" AJ binosida eskizlar asosida ishlab chiqilgan maktab formalari namunalarining ko‘rgazmasi tashkil etildi.  Ko‘rgazmada "Sharq liboslari dizayn markazi" hamda "O‘zbekengilsanoat" AJ tizimidagi korxonalar tomonidan eskizlar yaratilib, namunalar asosida ishlab chiqildi.

Ko‘rgazma davomida bolalar turli yoshlarga mo‘ljallangan bahor, kuz va qish mavsumiga mos maktab formalarini namoyish qilishdi. Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov namoyish etilgan yangi formalarga o‘z munosabatini bildirdi: 

"Menimcha bugun namoyish etilgan formalarda yorqin ranglar yetishmadi. Fikrimcha, barcha liboslarga to‘q, bo‘g‘iq ranglar tanlangan. Men ko‘plab davlatlarning, jumladan, Angliya, Koreya, Singapurdagi maktab formalarini ko‘rganman. Ularning formalarida rang-baranglik, yorqinlik ufurib turadi. Bizda ham liboslarning dizayniga, matosiga, necha yoshdagi bolalarga mo‘ljallanganiga katta ahamiyat berish zarur. Ayniqsa, tanlangan matolar albatta, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bo‘lishi kerak. Sababi, o‘zimizning mahsulotni hamma sotib olishga imkoni yetadi". 

O‘zbekengilsanoat» AJ boshqaruv kengashi raisi maslahatchisi Rasul Sodiqov ham defileda taqdim etilgan maktab formalari bir-biriga o‘xshashligini, yaqin kunlarda yana ko‘rgazmalar tashkil etib, boshqa tekstil korxonalarini ham jalb qilish lozimligini ta'kidladi:

"Shuni ham hisobga olish kerakki, bugungi namoyish etilgan formalarning aksariyati poytaxt uchun mo‘ljallangan. Biroq biz viloyatlar, chekka hududlarni ham hisobga olishimiz kerak. Biz tanlayotgan mato har tomonlama chidamli, sifatli va narxi ham arzon bo‘lishi lozim. Bizga ma'lumki, qishloqlarda bolalar loy kechib, tuproq o‘ynashni yaxshi ko‘rishadi. Kiyimlar esa o‘z navbatida tez kir bo‘ladi. Mana shunday hollarda formalarni qo‘l bilan yuvishga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, ortiqcha aksessuarlar, nozik matolardan qochish kerak. Kelasi safargi ko‘rgazmalarda 12ta emas, 24, 34, kerak bo‘lsa 50dan ortiq korxonalar o‘z namunalari bilan ishtirok etishini so‘rab qolaman. Biz ular orasidan eng munosibini tanlashimiz kerak".

Eslatib o‘tamiz, tadbirda "O‘zbekengilsanoat" AJ tizimidagi 50ta trikotaj mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalardan 12 tasi o‘z tayyor mahsulotlari bilan ishtirok etishdi. Ular orasida "Sharq liboslari dizayn markazi", "Istiqlol tekstil" (Ideal), "Jannati Bibixonim", "High Fashion Group", "Koson universal", "Cotton Road", "Bagira Tex", "Gulmira Tekstil", "EKO planeta", "Ferangiz Fashion", "Urganch Bahmal", "Tumaris Tekstil" kabi korxonalarni uchratish mumkin.

Top