10:38 / 11.10.2017
33181

Xalqaro valyuta fondi: 2018 yil​da o‘zbek so‘mi 12,7 foizlik inflyatsiyaga uchrashi mumkin

Xalqaro valyuta fondi tomonidan oktabr oyida e'lon qilingan «Jahon iqtisodiyoti rivojlanish istiqbollari» (World Economic Outlook) nomli dokladda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot sur'atlarining yillik o‘sish darajasi 2017-2018 yildagi davr uchun 6 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Doklad ustida ish olib borgan mutaxassislarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan valyuta islohotlari fonida milliy valyuta ma'lum miqdorda inflyatsiyaga uchrashi mumkin.

Hisobot qog‘ozlarida XVF O‘zbekistonda valyuta inflyatsiyasi 2016 yil 8 foiz bo‘lsa, 2017 yili 13 foizgacha o‘sib borishini ta'kidlamoqda. 2018 yil pul-kredit siyosatida valyuta inflyatsiyasi 12,7 foizlik ko‘rsatkichni qayd etishi prognoz qilinmoqda.

Undan avvalgi davrda, sanoat va infratuzilma dasturlarini modernizatsiya qilish iqtisodiy rivojlanishning asosiy garovi sifatida ko‘rib kelingan. Ammo, eksportning katta hajmini tashkil etuvchi oltin, paxta va gaz mahsulotlarining narx kon'yunkturasida beqaror o‘zgarishlar ko‘rsatilgani iqtisodiy prognozlarga ta'sir o‘tkazishi mumkin.

Ekspertlarning taxminlariga ko‘ra, O‘zbekistonning 2017 yildagi to‘lov muvozanatining joriy to‘lov saldosi YaIMga nisbatan 0,9 foiz bo‘ladi. 2016 yili bu raqam 1,4 foiz bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkich 2018 yilda 0,3 foizni tashkil etishi kutilayapti, deyiladi XVJ hisobotida. 

Xalqaro Valyuta jamg‘armasining qayd etishicha, O‘zbekiston valyuta islohotlarini o‘tkazayotgani munosabati bilan inflyatsiya bosimiga uchrashi mumkin. 

Top