07:57 / 12.10.2017
6844

Toshkentda O‘zbekiston-Tojikiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

11 oktabrda O‘zbekistonda Tojikiston milliy mahsulotlarining ilk ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazma Toshkentdagi "O‘zekspomarkaz" ko‘rgazmalar markazida o‘tmoqda.  Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston-Tojikiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir O‘zbekiston tomondan Tashqi savdo vazirligi va Savdo-Sanoat palatasi, Tojikiston tomondan esa Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi, Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi, Tojikiston Savdo-sanoat palatasi tashkilotchiligida o‘tdi.

Forumda O‘zbekiston va Tojikistonning turli viloyatlaridan neft-gaz, sanoat, qurilish industriyasi, transport, foydali qazilmalar olish, agrosanoat, farmakologiya, yengil sanoat, sog‘liqni saqlash, ta'lim, fan-texnika, turizm va boshqa sohalarda mashg‘ul bo‘lgan 500 ga yaqin korxona va kompaniya ishtirok etdi. 

Forum doirasida 20 dan ko‘proq shartnoma va 6 ta memorandum, jumladan O‘zbekiston va Tojikiston savdo-sanoat palatalari o‘rtasida Ishchi kengash yaratish memorandumi imzolandi. 

Tashkil etilgan tadbirlardan maqsad ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, yangi korxonalar miqdori o‘sishiga ko‘mak berish va ikki tomonlama tovar aylanmasi hajmini oshirishdan iborat.
2016 yil natijalariga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 197 mln, joriy yilning dastlabki 9 oyiga ko‘ra esa 178,2 mln dollarni tashkil qildi.
O‘zbekistonda Tojikiston sarmoyasi ishtirokida 24 ta korxona faoliyat yuritadi. O‘z navbatida, Tojikistonda O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida yaratilgan 9 ta korxona ish olib boradi. 

O‘zbekistonda 11-13 oktabr kunlari Tojikistonning O‘zbekistondagi madaniyat kunlariga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu tadbir doirasida "Zamonaviy Tojikiston" fotoko‘rgazmasi, Tojikiston haqidagi kitoblar taqdimoti, Tojikistonda yaratilgan badiiy filmlar namoyishi va Tojikiston san'at va madaniyat namoyandalari konserti o‘tmoqda.      

Top