15:40 / 13.10.2017
69482

Atamboyev Qozog‘iston bo‘yicha navbatdagi keskin bayonot bilan chiqdi

Eng kamida uch ming yillik tarixga ega xalq uch kunlik blokadadan qo‘rqmaydi va boshqa davlatga xizmat qiladigan shaxsni prezident etib tanlamaydi, dedi Qirg‘iziston rahbari Almazbek Atamboyev Botkenda harbiylar uchun uchta ko‘p qavatli uyning ochilish marosimida chiqish qilib.

«Men hozirda Qirg‘izistonning viloyatlariga bormoqdaman, prezident sifatidagi so‘nggi uchrashuvlarni o‘tkazmoqdaman. Bir kun oldin Talasda, kecha esa O‘sh va Jalolobodda bo‘ldim. Bu 3 kun davomida men Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasida ro‘y berayotgan alg‘ov-dalg‘ovlikka guvoh bo‘ldim, u yerda YeOIIning barcha normalari hamda kelishuvlari buzilmoqda. Va yana bir narsani aytmoqchimanki, bizning xalqimiz kamida 3 ming yillik tarixi davomida juda ko‘p sinovlarga duch keldi, hech qachon 3 kunlik blokadadan qo‘rqmaydi hamda hech qachon, hech qanday tahdid yoki bosim ostida xorijiy davlatlarga xizmat qiladigan shaxsni tanlamaydi. Biz xorijiy hukumatlar va oligarxlar o‘z vakillarini o‘tkazishga urinayotganini ko‘rmoqdamiz. Lekin ular bizning xalq sotilmasligini ko‘rib, qo‘rqitishga o‘tishdi. Biroq bunday tarixga ega xalq boshqalarga xizmat qiladigan shaxsni tanlamaydi. To‘g‘rimi? Bizning xalqimiz uchun or-nomus hayotdan ancha yuqori turadi. Biz har narsani ko‘rdik, 2010 yilda 1,5 oylik qamalning guvohiga aylandik, odamlar qanday qiynalganini ham tushundik. Bugungi qonunsizlikdan ham aziyat chekmoqdamiz, ammo biz mustaqilligimizni himoya qilamiz», - dedi u. 

«Afsuski, bugungi kunda mamlakat o‘z mustaqilligini nafaqat chet el qo‘shinlarining kiritilishi bilan, balki boshqalarga xizmat qiladigan qandaydir shaxsni shunchaki sotib olish va Qirg‘izistonga davlat rahbari sifatida o‘tkazish tufayli ham yo‘qotishi mumkinligini ko‘rmoqdamiz. Lekin men bu hech qachon sodir bo‘lmaydi, deb bilaman. Kimdir qo‘shni uyga o‘t qo‘yishni xohlasa, shamol o‘zgarishi mumkinligi va o‘z uyi ham yonib ketishi ehtimoli borligini unutmasligi kerak. Biz – qo‘shnilar tinchlik va do‘stlikda yashashimiz, bir-birimizga yordam berishimiz kerak. Qozog‘istonda dahshatli ocharchilik yuz berganida, yuz minglab qozoqlar o‘zining oxirgi noni bilan bo‘lishgan bizning xalqimiz tufayli omon qolganlar. Bizda bitta ildiz bor, biz bir xalq bo‘lganmiz, hamda hozir har bir qirg‘izda qozoq qoni, qozoqda esa qirg‘iz qoni bor. Mening buvim va buvimning onasi qozoqlar, hamda mening birinchi nabiram – qozoq ayolning farzandi. Hech kim va hech qachon ikki birodar xalqni bir-biri bilan mojaroga borishiga majburlay olmaydi», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi A.Atamboyev. 

«Qirg‘izlarni sotib olish yoki qo‘rqitish mumkin, deb o‘ylayotganlar xato qiladi. Qirg‘izlar uchun or-nomus hammasidan ustun turadi. Albatta, Qirg‘iziston armiyasi kuchli va biz har bir qismda javob qaytara olamiz, biroq, ko‘rib turganingizdek, boshqa urush, axborot urushi, pul urushi bor, buni unutmang. Mustaqillikni nafaqat qurol-yarog‘ bilan, balki aql va ovoz berish bilan ham himoya qilish kerak», - dedi Qirg‘iziston rahbari.

Mavzu
Qirg‘iziston-Qozog‘iston munosabatlari

Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovi arafasida Almazbek Atambayev qo‘shni davlat siyosatlarini bir necha marta qoralab chiqdi. Bunga javoban Qozog‘iston hukumati chegarada qirg‘izistonliklarni to‘xtatib qola boshladi

Barchasi
Top