18:30 / 13.10.2017
16911

«Atletiko»-«Barselona», «Liverpul»-«MYu», «Inter»-«Milan». Klublar futboli qaytmoqda

Hafta oxirida terma jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvlar tugab, yana Yevropa milliy chempionatlari o‘yinlariga start beriladi. «Tribuna.Uz» orziqib kutilgan o‘yinlarning eng saralari haqida to‘xtalib o‘tadi.

«LION» – «MONAKO»
13 oktabr. 23:45

Klublar futbolini sog‘inib qolganlar, ertagacha sabr yetmasa, mana shu o‘yindan «chigalyozdi» qilishlari mumkin.

Mavsumni juda kuchli boshlagan «Lion» so‘nggi 3 turda g‘alaba qozona olmadi. Raqiblarning «Dijon» va «Anjye» bo‘lganini ham e'tiborga olsak, terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus lionliklar uchun ayni muddao bo‘lishi kerak.

Yozda bir nechta yetakchi futbolchilaridan ayrilgan bo‘lishiga qaramasdan, «Monako» «PSJ»ni ta'qib qilishda davom etmoqda. Albatta, allaqachon 12 gol urishning uddasidan chiqqan Radamel Falkaoning ayni paytdagi sport formasi ham muhim, u chorshanba kuni Peruga qarshi hal qiluvchi bahsda ishtirok etdi. Mas'uliyatli uchrashuv, uzoq parvoz uning o‘yiniga ta'sir qilishi ham mumkin. Afsuski, bunday vaziyatlarda hujumchining o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan Stefan Yovetich ham jarohatlangan.

Raqiblarning aprel oyida Lionda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida mehmonlar 2:1 hisobida ustun kelgandi.

«LIVeRPUL» – «MANCheSTeR YuNAYTeD»
14 oktabr. 16:30

Mavsumni ko‘tarinki ruhda boshlab, hamshaharlari bilan birgalikda APLni boshqarib turgan «Manchester Yunayted» uchun haqiqiy sinovlar endi boshlanmoqda. Mourino shogirdlari barcha musobaqalarda oxirgi 6 o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashdi, bu g‘alabalarning 5tasi yirik hisobda bo‘lgani e'tiborga molik. Ammo joriy mavsumda birinchi marta Top-6 dagi raqib bilan to‘qnash kelmoqda.

«Liverpul» esa «Arsenal» ustidan qozonilgan yirik g‘alabadan keyin katta iddaoni o‘rtaga tashlagandi. Lekin keyingi o‘yinlar omadsiz kechdi, Klopp shogirdlari keyingi 4 uchrashuvda atigi bir marta g‘alaba nashidasini surdilar xolos. Yana bir e'tiborga molik jihat, «Liverpul» Devid Moyyes davridan buyon, aniqrog‘i, so‘nggi uch mavsumda APL doirasidagi o‘yinlarda «MYu» ustidan g‘alaba qozona olmayapti.

Tarkib masalasida jamoalarda yetarlicha muammolar paydo bo‘ldi: Terma jamoalardagi o‘yinlarda «Liverpul»ning yetakchi hujumchisi Sadio Mane safdan chiqqan bo‘lsa, «MYu» Pogbaning yo‘qligini bilintirmay turgan Fellaynidan mahrum bo‘ldi. Qizig‘i, bu jarohatlar klublarning bu o‘yinda urg‘ulashi kerak bo‘lgan jihatlarni aks ettiradi: Mane – tezkor hujumlar, Fellayni – maydon markazini himoyalash. Natijada murabbiylar boshqacharoq yo‘nalishga murojaat qilishga majburlar va bu yanada qiziqroq, shunday emasmi?

«YuVeNTUS» – «LATsIO»
14 oktabr. 21:00

A Seriyaning bugungi kundagi eng kuchli olti jamoasi shu hafta uchta juftlik hosil qilib, o‘zaro kuch sinashadi. Bu o‘yinlardan birinchisi Turin va Rim to‘qnashuvidir.

Ushbu mavsum avvalgilardan biroz farqli bo‘lishi kutilmoqda, chunki «Napoli» klubi nihoyat «Yuventus» bilan uzun masofada ham kurashib ko‘rishga bel bog‘lagani sezilib turibdi. Demak «Yuventus» bu safar raqiblarini oldinga o‘tkazib yubora olmaydi, har bir o‘yinda g‘alaba qozonish shart.

Raqib bo‘lmish «Latsio» esa bu vazifani qiyinlashtirish uchun yaxshi nomzod. Rimliklar 2010 yildan buyon A Seriyada «Yuventus» bilan atigi ikki marta durangga erishib, qolgan o‘yinlarni boy bergan bo‘lsa-da, jamoalarning so‘nggi o‘yinida, Italiya Superkubogi uchun bahsda g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqandi. A Seriyada ham Indzagi shogirdlari yaxshi ketishyapti – so‘nggi ikki o‘yinda yirik g‘alaba qozonildi va 9 gol urildi.

Bundan tashqari, bu o‘yinda mavsum to‘purarlari ham raqobatlashadilar: Paolo Dibala (10) va Chiro Immobile (9) hozircha A Seriya to‘purarlari bahsida karvonboshi bo‘lib turishibdi.

«BORUSSIYa» DORTMUND – «RB LeYPTsIG»
14 oktabr. 21:30

Ikki frontda kurashish uchun hozircha «Leyptsig»ning tajribasi yetmayotgan bo‘lsa-da, Bundesligada jamoa hali ham kuchli klub. Dortmundiklar esa, aynan tartibli harakat qiladigan jamoalarga qarshi qiyinchilikka duch kelmoqda. Oxirgi turda «Ausburg» bilan o‘yindagi to‘sqinliklar, «Frayburg» bilan durang ham bunga yorqin misol.

Peter Bos shogirdlari 5 ochkolik farq bilan «Bavariya»dan oldinda bormoqda. Raqib frontidagi mavhumliklar, murabbiylik postidagi o‘zgarishlar davrida imkon qadar barqaror o‘ynab, bu farqni yanada oshirib olish chempionlik unvoni uchun juda muhimdir.

«ATLeTIKO» – «BARSeLONA»
14 oktabr. 23:45

Yoz bo‘yi hamma «Barselona»ning muammolari haqida gapirgandi. Lekin Neymarsiz qolgan barselonaliklar hozircha hech qanday raqibni sezishmayapti va qatorasiga yetti o‘yinda g‘alaba qozonib ulgurishdi. Navbatdagi palla esa, yanada qiyinroq, keyingi tanaffusgacha Valverde shogirdlari «Atletiko», «Atletik» va «Sevilya» kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushishlariga to‘g‘ri keladi.

«Atletiko» avvalgi haybatidan uzoqroqdek ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, hozircha mag‘lubiyatga uchraganlari yo‘q. Demak bu uchrashuvda yo «Barselona» ochko yo‘qotadi yoki «Atletiko» mag‘lubiyatga uchraydi, ya'ni an'analardan biri o‘z poyoniga yetadi.

«ROMA» – «NAPOLI»
14 oktabr. 23:45

A Seriyadagi bahslar ichida aynan mana shu uchrashuv tomoshabopligi bilan ajralib tursa kerak. Bu jamoalar uchun hujumkor futbol yangilik emas, ammo aynan ushbu mavsumda hujumkorlik bilan bir qatorda, natijalardagi barqarorlik ham yuzaga keldi.

«Napoli» hozircha yo‘qotishsiz bormoqda, «Roma» esa sentabr oyini juda kuchli o‘tkazdi – «Atletiko» bilan durangni aytmasa, boshqa hamma o‘yinda g‘alaba qozondi.

Shu o‘rinda yana bir jihat, bu o‘yindan 2-3 kun o‘tib, har ikki jamoani ham Yevropa Chempionlar Ligasida juda muhim uchrashuvlar kutib turibdi. «Napoli» «Manchester Siti» bilan «Roma» esa, «Chelsi» bilan o‘ynaydi – o‘ziga xos Italiya va Angliya dueli.

«BORDO» – «NANT»
15 oktabr. 18:00.

Bir qarashda, Fransiya chempionati o‘rtamiyonalari, ammo agar Liga 1 ni yaqindan kuzatayotgan bo‘lsangiz, juda qiziq uchrashuv.

Klaudio Ranerining «Nant»i mavsumni ikki mag‘lubiyat bilan boshlagandi, lekin keyinchalik, murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi bog‘lam ishlay boshladimi yoki boshqa sababmi, xullas «Nant» eski «Lester»ning rejimiga tushib oldi – so‘nggi 6 o‘yinda 5 g‘alaba va 1 durang. Bu o‘yinlarning 5tasida «Nant» gol o‘tkazmadi, 4 o‘yin 1:0 hisobida tugadi. Tanish manzara, shunday emasmi? Natijada «Nant» hozir 4-o‘rinda bormoqda va peshqadamlar guruhidan u qadar uzoqda emas.

«Bordo» ham agar, «PSJ»dan yirik mag‘lubiyatga uchrashni odatiy hol deb qabul qilsak, mavsumni bir tekisda o‘tkazmoqda. Jamoa faqat o‘sha Parijdan mag‘lubiyatga uchragan xolos, «Nant» bilan izma-iz bormoqda.

Ya'ni bemalol o‘yinni 6 ochkolik bahs deyish mumkin. Shuningdek, bir-biriga o‘xshamaydigan ikki xil maktab, ikki xil uslub to‘qnashuvi.

«INTeR» – «MILAN»
15 oktabr. 23:45

Har qanday holatda ham, bu derbini o‘tkazib yuborish kerak emas. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda bu jamoalar nafaqat chempionlik, balki Chempionlar Ligasi o‘rinlari uchun kurashdan ham chiqib ketishgan. Bu endi, endi oddiy holga aylanib borayotgandi hamki, xitoyliklar chiday olmadilar. Osiyolik biznesmenlar Milan superklublarini avvalgi mavqelarini tiklashga bel bog‘lagan.

Shakllanish borasida «Inter» biroz avvalroq yo‘lga chiqqan, balki turnir jadvalida yuqoriroq joylashganining sababi shundadir. Lekin bu o‘z nomi bilan Milan derbisi, jamoalar tarkibidagi yangi futbolchilar balki ishtirokchi sifatida bu muhitni anglamaslar, shunday bo‘lsa-da, stadiondagi muhit tezda o‘yinning odatiy emasligini his qildira oladi, bu aniq.  

Va yana «Atletik» – «Sevilya» (16:00,) «Manchester Siti» – «Stok Siti»  (14 oktabr, 19:00), «Hetafe» – «Real» (14 oktabr, 19:15), «Uotford» – «Arsenal» (14 oktabr, 21:30).

Top