15:10 / 13.10.2017
17283

Tafakkur o‘yinlari. Joze Mourino

Ertaga bo‘lib o‘tadigan «Liverpul»ga qarshi o‘yin oldidan «Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino Sky Sports nashriga ekslyuziv intervyu berdi. Bir jihatga alohida e'tiboringizni qaratmoqchiman.

- Suhbatimizni Fellayni mavzusi bilan boshlasak. U Belgiya terma jamoasi tarkibida jarohat oldi. Uning holati haqida ma'lumotga egamisiz?

- Yo‘q, bilmayman.

- U klub ixtiyoriga kelib qo‘shildimi?

- Yo‘q.

- Belgiyaliklar uning ahvoli haqida siz bilan aloqaga chiqmadimi?

- Yo‘q, men bilan emas. Balki klub vrachlari bilan gaplashishgandir, men bilmayman.

- Yaxshi. Qandaydir tekshiruvlar uchun uning yetib kelishini kutayotgandirsiz?

- Yo‘q, men buni kutmayapman. U haqida o‘qiganlarimdan kelib chiqsak, u o‘yinga tayyor emas.

- Bu holat siz uchun qanchalik muammo?

- Muammo yo‘q.

- Agar yana ikki tayanch yarim himoyachisi bilan o‘ynaydigan bo‘lsangiz, demak Ander Errera paydo bo‘lgan bo‘sh o‘ringa qaytar ekanda?

- Faqat Errera emas. Biz hamma futbolchilarga ishonamiz. Biz o‘tgan yili ham ko‘p futbolchilarni jarohat tufayli yo‘qotganmiz, bu safar ham, lekin buning ustida to‘xtab qolish odatimiz yo‘q: biri ketsa, ikkinchisi tayyor holda bo‘ladi. Biz ularga ishonamiz va nolimaymiz, kimdir jarohat olsa, uning o‘rniga maydonga tushadigan futbolchiga ishonamiz.

Mourinoning Fellayni haqidagi gaplariga ishonmayman. Murabbiyga bu jarohat qattiq ta'sir qilgani, balki o‘sha kuni tomog‘idan ovqat o‘tmagani haqiqatga yaqinroq. Zero Mourino uchun Fellayni qanday futbolchi ekanini juda yaxshi bilamiz. Aynan «Liverpul» kabi kuchli klublarga qarshi belgiyalik futbolchi muhim figura bo‘lishini sezish qiyin bo‘lmagan: «Hatto zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan bo‘lsa-da, Fellayni bilan o‘zimni xavfsiz his qilaman», – bu ham Joze Mourinodan iqtibos.

Aynan mana shunday futbolchi, mavsumdagi ilk jiddiy safar uchrashuvida safdan chiqadi-yu, Mourino hech narsaga qiziqmay o‘tiraverarmidi? Hecham-da!

Albatta, Mourino Fellaynining holati bilan qiziqqan. To‘liq ma'lumotni olib ulgurgan. U qaysi o‘yinlarda maydonga tushira olmasligiga qarab, keyingi rejalarini ham tuzib bo‘lgan, shubhasiz. Lekin bu haqida jurnalistlarga to‘g‘risini aytish unga va jamoaga qanday yordam berardi? Hech qanday.

Fellayni «Liverpul»ga qarshi o‘yinda maydonga tushmasligi aniq. Shuning uchun, Mourinoning bu futbolchi bilan shug‘ullanishga, uning naqadar muhim ekanini aytib, ko‘nglini ko‘tarishga ehtiyoji yo‘q. Ayni damda, vaqtincha, Fellayni ham xuddi Pogba kabi, Mourino uchun hech kim. U uchun shu pallada Errera, Matich, Karrik va hatto MakTomminey muhimroq. Mourino e'tiborini aynan shu futbolchilarga qaratadi va intervyularda ham, mashg‘ulotlarda ham, matbuot anjumanlarida ham ularga foydasi tegadigan gaplarni aytadi. Maruanning muhim ekani, uning maydonga tushmasligi yo‘qotish ekanini aytishdan ko‘ra, boshqa futbolchilarning ham o‘rni undan kam emasligiga urg‘u berish foydaliroq emasmi? Ayniqsa, Errera haqidagi fikrlariga qarang: Mourino Erreraning maydonga tushishi Pogba yoki Fellaynining jarohati tufayli sodir bo‘lishi mumkinligini inkor etyapti, aslida shunday bo‘lsa ham. Maqsad, Errera ham o‘zining maydonga tushishi boshqalarning jarohati bo‘lgani deb o‘ylamasin.

Shu o‘rinda, o‘tgan mavsumning oxirlari yodga keladi. Mourino qatnashgan matbuot anjumani yo‘q ediki, u jarohatlardan nolimasin. Ammo u paytlarda, muhit boshqa edi, jamoa ma'lum vazifalarni bajarish uchun hal qiluvchi pallaga kirgan, asosiy maqsad, futbolchilardan bosimni olib tashlash edi. Chunki aynan bosimning yuqoriligi vaziyatlardan foydalanishda xalaqit berayotgan, jamoa gol urishda qiyinchiliklarga duch kelayotgandi.

Bugungi gaplar, bugungi javoblar esa, faqat yaqin kunlarda kutilayotgan o‘yinlar uchun o‘ziga xos «mind games» xolos. Ishonaman, ertaga «Liverpul»dan mag‘lubiyatga uchrasa ham, Mourino bunga sabab sifatida Fellaynining yo‘qligini keltirmaydi. Chunki katta ehtimol keyingi o‘yinda ham Fellayni yo‘q. Nima keragi bor, yo‘q futbolchi haqida gapirib, borlarga salbiy ta'sir qilib.

Bir kun, qachonki, Fellayni yoki Pogba tiklanib, maydonga qaytganda, shubhasiz, Mourino ularning jamoadagi o‘rni beqiyos bo‘lgani, balki ularning yo‘qligi uchun bir necha ochko yo‘qotilganini aytar... Yozda «Turklar Fellaynidan ko‘ra meni qo‘lga kiritishlari osonroq», degandek, yana qanaqadir original fikrlar bilan futbolchining ko‘nglini ko‘tarar...

Chunki o‘sha palla uchun Mourinoga Fellayni, uning ruhiyati muhimroq bo‘ladi, MakTommineyning jamoadagi o‘z o‘rni haqidagi fikrlari emas.

Qahramon Aslanov

Top