17:16 / 18.10.2017
40290

YeChLda bugun yana 8 uchrashuv

Bugun, 18 oktabr oqshomida Chempionlar ligasida 3-tur uchrashuvlari davom ettiriladi. «Tribuna» ushbu uchrashuvdan avval jamoalarning vaziyatiga nazar tashlaydi. 

A GURUHI

BeNFIKA – MANCheSTeR YuNAYTeD

 

«Manchester Yunayted» ilk chempionlar kubogini finalda aynan «Benfika» ustidan g‘alaba qozonib, qo‘lga kiritgandi. Umuman bu jamoalar yevrokuboklarda ko‘p to‘qnash kelishadi, masalan, oxirgisida, 2011/12 yilgi mavsumda, guruhdagi har ikki o‘yin durang bilan yakunlangan va «Benfika» guruhni peshqadam sifatida yakunlagandi. «Bazel» bilan omadsiz o‘yinlar tufayli Fergyuson jamoasi guruhda qolib ketgan.

Yana Mourino, Matich va Lindelofning o‘z vaqtida «Benfika»ga aloqador bo‘lganini aytish mumkin. «Yunayted»ni yaqin kunlarda APLda «Tottenhem» va «Chelsi» bilan muhim o‘yinlar kutib turibdi, shuni e'tiborga olsak, Mourino imkon qadar 3 ochko olib, bu turnirdagi vazifani deyarli hal qilib qo‘yishga intilishi tabiiy.

TsSKA – BAZeL

Har ikki jamoa ham «MYu»dan yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi va «Benfika»ni yutdi. Ya'ni bu o‘yinlarga pley-offga chiqish uchun o‘ziga xos pley-off deb ham baho berish mumkin.

TsSKA ham, «Bazel» ham ichki chempionatda peshqadamdan besh ochko ortda qolgan holda uchinchi o‘rinda borishmoqda. Rossiya chempionatining kuchliroq ekanini taxmin qilish mumkin, ammo «Bazel» doimo rus jamoalariga qarshi muvaffaqiyatli to‘p surgan. Xullas, 2-o‘rin uchun o‘ziga xos jangni kutishimiz mumkin.

 

B GURUHI

BAVARIYa – SeLTIK

YeChLdagi avvalgi o‘yindan («PSJ»-0:3) so‘ng «Bavariya» bosh murabbiyini iste'foga chiqardi va nemislarga so‘nggi ChL kubogini olib bergan Yupp Xaynkes qaytarildi. Futbolchilar bu o‘zgarishni ijobiy qabul qildilar va bundesligadagi yirik hisob bilan isbotladilar.

«Seltik» bu guruhda Yevropa Ligasi yo‘llanmasidan ortig‘ini tasavvur ham qilmasa kerak. Ammo buning uchun ham, albatta, o‘ynashga va kutilmagan ochkolarni qo‘lga kiritishga to‘g‘ri keladi. Yana qachon bu jamoa butun Yevropaning ko‘z o‘ngida bo‘ladi? Albatta, «Bavariya» yoki «PSJ»ga qarshi o‘yinlarda, to‘g‘rimi? Axir shuning uchun chiqilmaydimi Chempionlar ligasiga...  

ANDeRLeHT – PSJ

Guruhdagi narigi uchrashuv xarakteridagi to‘qnashuv. «Anderleht» o‘tgan mavsum Yevropa Ligasida boshqa bir top klub – «Manchester Yunayted» bilan munosib o‘ynay olgandi. Ammo o‘sha turnirda «Anderleht» go‘yoki mezbon, manchesterliklar adashib kelib qolgandilar.

Bu yer esa Yevropa Chempionlar Ligasi va raqib «PSJ».

 

C GURUHI

QORABOG‘ – ATLeTIKO

Chempionlar Ligasi debyutanti so‘nggi yillardagi musobaqaning eng kuchli va barqaror klublaridan birini qabul qiladi. Ozarboyjonliklar u qadar qo‘rqmasa ham bo‘ladi, «Atletiko» ko‘proq kuch jihatidan o‘ziga yaqinroq yoki top klublarga qarshi kuchliroq o‘yin ko‘rsatadi. Simeone shogirdlari autsayderlarga qarshi biroz kamtarona o‘ynaydi.

Bir necha yil oldin Qozog‘istonning «Astana» klubi o‘z maydonida ispanlarga munosib o‘ynaganini eslasak, «Qorabog‘»da imkoniyat bordek. Lekin bu safargi guruhning tarkibi kuchliroq, «Atletiko» ayniqsa «Qorabog‘» bilan o‘yinda ochko yo‘qotishni umuman istamasligi aniq.   

CheLSI – ROMA

«Chelsi» ichki chempionatda qatorasiga ikki marta mag‘lubiyatga uchradi. Aytishlaricha, Antonio Konte so‘nggi mag‘lubiyatdan keyin yechinish xonasida shogirdlarini qattiq koyigan va ayniqsa Batshuayi murabbiyning noroziligiga uchragan. O‘z navbatida «Roma» ham so‘nggi turni muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi va «Napoli»ga o‘z maydonida imkoniyatni boy berdi.

Aytish mumkinki, pley-off yo‘llanmasi uchun ikki asosiy da'vogar o‘rtasidagi o‘yin juda qiziq kechishi kutilmoqda. Bugungi kunning eng markaziy o‘yini sifatida aynan mana shu o‘yinni ko‘rsatish mumkin.

D GURUHI

BARSeLONA – OLIMPIAKOS

«Barselona» Ispaniyada ham, Yevropada ham mavsumni bir tekisda boshladi va peshqadamlik qilmoqda. Bugungi o‘yindagi g‘alaba kataloniyaliklarni deyarli pley-off ishtirokchisiga aylantiradi. Bu vazifani iloji boricha ertaroq hal qilish Valverde uchun ham ayni muddao, chunki La Liga taqvimi endi jamoaga kuchliroq raqiblarni asta-sekin ro‘para qilishni boshladi. 

YuVeNTUS – SPORTING

Italiyaliklar «Barselona»da mag‘lubiyatga uchrayotganda, «Sporting» safarda «Olimpiakos» ustidan muhim g‘alabani qo‘lga kiritgandi. Aynan o‘sha g‘alaba bugungi to‘qnashuvda portugaliyaliklar qo‘lidagi «kuzir» bo‘lib xizmat qiladi. Chunki, «Yuventus» hali Gretsiyada g‘alaba qozonmadi. Ya'ni «Sporting» «Yuventus» bilan o‘yinlarda ijobiy natija qayd etsa, pley-off uchun yaxshigina imkoniyat hosil qilishi mumkin. Turnir nuqtai nazaridan ushbu to‘qnashuv ham turning markaziy o‘yinlari sifatida qayd etsa bo‘ladi. 

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top