10:15 / 20.10.2017
26319

Fermerlar kengashi raisi kartoshka muammosi haqidagi savolga javob berdi

Foto: Xalqaro Press-klub

19 oktabr kuni Xalqaro Press-Klubda “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi: islohotlarning yangi bosqichi” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlat idoralari, vazirlik vakillari, dehqonlar, fermerlar, tadbirkorlar hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi. 

Joriy yilning sentabr oyida Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachevning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Rossiya kartoshka ittifoqi va O‘zbekistonning «Sanray Agro Plus» MChJsi o‘rtasida kartoshka urug‘ini yetishtirish bo‘yicha  O‘zbekiston hududida seleksion-urug‘chilik markazini tashkil etish yuzasidan kelishuvlar imzolangan edi. Bundan tashqari Rossiya biznes vakillaridan O‘zbekiston hududida kartoshka urug‘chiligiga ixtisoslashgan Rossiya-O‘zbekiston-Qirg‘iziston korxonasini yaratish taklifi kiritildi. 

Press-Klubning navbatdagi sessiyasi davomida jurnalistlar yuqoridagi shartnomalar qaysi bosqichda amalga oshirilayotgani va O‘zbekistondagi kartoshka muammosi qachon bartaraf etilishi haqida savol bilan murojaat etishdi. Mazkur savolga O‘zbekiston fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi raisi Baxodir Yusupov quyidagicha javob berdi:

«Yuqorida ta'kidlangan uchrashuvdan so‘ng biz kartoshka taqchilligi muammosini hal etish maqsadida ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ishlar olib boryapmiz. Umid qilamizki, oxir-oqibat o‘zimizning yerlarimizda ham sifatli kartoshkalar yetishtiriladi. Albatta, yurtimizda mana shunday zamin, ochiq havo, suv bo‘la turib kartoshkani chet eldan import qilishimizni kechirib bo‘lmaydi», deya qayd etdi Bahodir Yusupov.

Kengash raisining so‘zlariga ko‘ra, fermerlar, dehqonlar mazkur masalani hal etishda alohida, individual tarzda ishlashda davom etishadi.

Mavzuga oid
Top