22:20 / 26.10.2017
28526

Eng boy ukrainaliklar reytingi e'lon qilindi

Foto: sharij.net

Ukrainalik biznesmen Rinat Axmetov 2017 yilgi eng boy ukrainaliklar yuztaligining 1-o‘rinini egalladi. Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko esa ushbu ro‘yxatning 5-o‘rinidan joy oldi. Reyting Ukrainaning "Novoye vremya" nashri va Dragon Capital investitsiya kompaniyasi bilan birgalikda tuzilgan.

Axmetovning boyligi 6,96 mlrd dollarga baholangan. Axmetov ushbu reytingning o‘tgan yilgi talqinida ham 1-o‘rinni egallagan, o‘shanda uning boyligi 4,1 mlrd dollarga baholangandi. 

2-o‘rinni biznesmen Viktor Pinchuk egallagan, uning boyligi 1,4 mlrd dollarga baholangan. 3-o‘rinni 1,4 mlrd dollar bilan biznesmen Konstantin Jyevago, 4-o‘rinni Oliy rada deputati Vadim Novinskiy 1,2 mlrd dollarlik boylik bilan egallagan. 

Ro‘yxatning 5-pog‘onasini yuqorida aytilgandek, Pyotr Poroshenko egallagan. Uning boyligi bir milliard dollarga baholangan. O‘tgan yil Poroshenko 949 mln dollar bilan 4-o‘rinni egallagandi.

6-o‘rinni milliard dollar bilan "Privatbank" banki egalaridan biri Igor Kolomoyskiy, 7-o‘rinni 763 mln dollar bilan Gennadiy Bogolyubov, 8-o‘rinni xuddi shunday boylik bilan Group DF moliya-sanoat guruhi egasi Dmitiriy Firtash egallagan.

Ukrainadagi eng yirik agrofirmalardan biri "Mironovskiy xleboprodukt" egasi Yuriy Kosyuk 693 mln dollar bilan 9-o‘rinni egallagan.

Yetakchi o‘ntalikni oilaviy juftlik Aleksandr va Galina Geregilar egallagan. Ularga "Episentr" qurilish materiallari gipermarketlari tarmog‘i tegishli bo‘lib, ularning boyligi 688 mln dollarga baholangan. 

Top