11:20 / 26.10.2017
17845

Intervyu: Denisov terma jamoaning muvaffaqiyatsizligi va o‘zining klubdagi holati haqida

Moskvaning «Lokomotiv» va O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Vitaliy Denisov «Sovetskiy sport» nashriga bergan intervyusida bugungi ahvoli va O‘zbekiston terma jamoasiga JCh-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun nimalar halal bergani haqida gapirdi.

– So‘nggi paytlarda «Lokomotiv»ning asosiy tarkibiga kirolmayapsiz, sababi nima?
– Hammasi oddiy. Mening o‘rnimda yosh va kuchliroq bo‘lgan futbolchilar maydonga tushmoqda. Bu borada bosh murabbiy Yuriy Syomin bilan gaplashib oldim va u ko‘proq mehnat qilishim shartligini aytdi. Asosiy tarkibga qaytishning boshqa yo‘lini ko‘rmayapman.

– «Loko»ning ayni paytdagi peshqadamligi vaqtincha ekani va «Zenit»ga qarshi o‘yindan so‘ng, hammasi joy-joyiga tushib ketishi aytilmoqda. Sizning fikringiz?
– Qo‘shilmayman. Hali oldimizda ikkinchi davra ham bor. «Zenit»ga qarshi birgina o‘yin hech narsani hal qilmaydi. Piterliklar biz uchun jiddiy raqib sanaladi, biroq bu oltin o‘yin emas, uning ahamiyatini oshirib yubormaslik lozim.

– Yevropa Ligasi o‘yinlari haqida qanday fikrga egasiz?
– Avvaliga hafta o‘rtasida o‘ynash juda og‘ir bo‘ldi. Biroq, bunga tezda ko‘nikib ketdik. Bizda shifokorlar, massajchilarning ajoyib jamoasi bor va tiklanib olish jarayoni juda tez kechmoqda.
Tig‘iz taqvimdan zorlansak, noshukrlik bo‘ladi. Aksincha, o‘yinlarning ko‘pligi biz uchun foydalidir. Jamoaning jismoniy holati ham maromida ushlab turiladi.

– «Lokomotiv»ning ahilligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Jamoa maydondan tashqaridagi vaqtini qanday o‘tkazadi?
– Agar qandaydir quvonchli voqea yuz bersa, masalan, kimnidir farzandi tug‘ilsa, hammamiz yig‘ilib, uni tabriklaymiz, restoranda bazm uyushtiramiz. Oddiy odamlardek yashayapmiz, g‘ayrioddiy narsalarni qilmayapmiz.

– Bo‘sh vaqtlaringizda FIFA o‘yini bo‘yicha chempionat o‘tkazishingiz rostmi?
– Ha, yigitlarning ko‘pchiligi futbol simulyatorlarini o‘ynab turadi. Ammo men boshqasini, PES simulyatorini o‘ynayman. Biroq, so‘nggi paytlarda FIFA o‘yiniga o‘tishim kerakligi haqida o‘ylab qoldim. Jamoamizda Dima Tarasov bu o‘yinlarning pixini yorgan, menimcha u kibersport bo‘yicha chempionatlarda bemalol ishtirok etishi mumkin.

– O‘zbekiston terma jamoasi JCh-2018 saralashida yaxshigina ochko jamg‘ardi, biroq final bosqichiga chiqolmadi. Bundan xafamisiz?
– Bu men uchun katta fojia. Biz ba'zi o‘yinlarni zo‘r o‘tkazib, yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘lgandik. Guruh ham kuchimizga mos edi. Umuman olganda, bu haqda gapirish menga og‘ir.

– Sizga Rossiya fuqaroligini taklif qilishganmi?
– Hech narsa haqida afsuslanmayman. O‘zbekiston mening vatanim va o‘z tug‘ilib o‘sgan joyim sharafini himoya qilyapman. 
Agar Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lsam, men uchun yaxshiroq bo‘lardi deb hech kim aytolmaydi, bu salbiy holatlarga olib kelishi, limit borasida esa biroz yengil bo‘lishi mumkin edi. Biroq, pasport bahona bo‘lolmaydi, raqobatchilardan kuchli ekaningni har doim isbotlashing kerak.

Mavzuga oid
Top