12:20 / 26.10.2017
22282

Samarqandda “AI-80” benzini “AI-91” narxida sotilmoqda

KUN.UZ tahririyati xodimlari 22-25 sentabr kunlari xizmat safari bilan Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida bo‘ldi. Ushbu safar chog‘ida duch kelingan muammoli masalalardan biri avtomobil yoqilg‘isi masalasidir. 

Xususan, Samarqand shahrida va Jomboy tumanida o‘zimiz guvoh bo‘lgan ikki holatda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida* AI-80 benzini 3000 so‘mdan sotildi. Samarqand shahridagi AYoQSh sotuvchisidan nima uchun bu narxda sotilayotgani haqida so‘raganimizda hisob fakturasi bo‘yicha AI-91 navli benzin kelganini ta'kidladi, ammo o‘sha qog‘ozni ko‘rsatishni so‘raganimizda, dastavval “boshliq ham, buxgalter ham yo‘q”, deya javob qaytargan bo‘lsa, keyinroq “aka, nima qilasiz, qo‘ying” degan iltimosga o‘tib oldi. Axir, poytaxtning aksar AYoQShlarida AI-91 navli benzinni topish mushkul ish bo‘lgan bir vaqtda Samarqanddagi bir-ikkita yoqilg‘i quyish shoxobchasida faqat AI-91 sotilishi shubhali emasmi?

Ikkinchi holatda Jomboy tumanidagi AYoQShda ham benzinni 3000 so‘mdan xarid qilishga to‘g‘ri keldi.

Qashqadaryo viloyatiga safarimiz esa, benzin masalasida unchalik ham qiyin bo‘lmadi. Chunki, “pul bo‘lsa, changalda sho‘rva” deyilganidek, ko‘zingizni chirt yumib 1 litrini 4 mingdan xarid qilishga shay tursangiz bas. Faqat sotuvchilar benzinga qancha miqdorda gaz kondensati qo‘shilganiga kafolat berishmaydi. 

Samarqand-Qarshi yo‘lida benzin olish uchun birorta AYoQSh ishlayotganiga guvoh bo‘lmadik. Qarshi shahrida birgina zapravka ishlayotganidan xursand bo‘lib, navbatda turdik, ammo galimiz yetib kelguncha yoqilg‘i tugab qolganini e'lon qilishdi. Bu vaqtda soat kunduzi 13:00 atrofida edi. 

Shundan so‘ng, Qarshi-Samarqand yo‘lida ochiq oydin 5 l, 10 l o‘lchamdagi baklajkalarni yo‘l yoqasiga qo‘yib, 4 ming so‘mdan pullayotgan olg‘irlardan xarid qilishga majbur bo‘ldik.

Foto: Samarqand-Qarshi yo‘llarida “AYoQSh”lar shunday ko‘rinishda

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bir paytlar (aniqrog‘i 2016 yil noyabr oylarida) “O‘zbekneftegaz” MXK benzin narxini keskin oshirilishiga izoh berar ekan, narx barcha viloyatlarda bir xil qiymatga keltirilishi respublikaning barcha hududida benzi taqchilligiga chek qo‘yishini, ya'ni barcha AYoQShlarda yoqilg‘i tanqisligi bo‘lmasligini va'da bergan edi. Lekin, amalda hamon o‘sha holatga duch kelinayapti. Ayrim zapravkalardagi benzin sifati gaz kondensati qo‘shilgani uchun talabga javob bermasligini ham mutasaddi tashkilotlar o‘rganib chiqishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

*- ikkala AYoQSh manzili va ulardan olingan chek mavjud, ammo “O‘zbekneftegaz” MXK va boshqa idoralar xohish bildirsa, ularni bemalol topa oladi.  

Top