20:30 / 30.10.2017
8813

Ko‘rish qobiliyatini tiklaydigan chip sinalmoqda

Foto:Pixium Vision

Fransiya hukumati jiddiy ko‘z kasalliklariga uchragan bemorlar uchun bionik ko‘rish chipi implantantsiyasini tasdiqladi. Tajribada besh kishi ishtirok etadi, deb yozadi IEEE Spectrum.

Parijdagi Pixium Vision kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan simsiz chip ko‘z va miyani elektr stimulyatsiya orqali bog‘laydi. Chipda Stenford universitetidagi Deniyel Palanker labaratoriyasida ishlab chiqilgan Pixium texnologiyasi qo‘llanadi. 2×2 mm hajmga ega implantant eniga 30 mkn, bu esa inson sochidan uch karra ingichka degani. U jarrohlik yo‘li bilan ko‘z pardasi ostiga yoki subrenital bo‘shliqqa joylanadi. Operatsiya atigi 1,5 soat vaqtni oladi.

Chip muvaffaqiyatli ishlashi uchun tashqi kamera va cho‘ntak kompyuteriga ulangan bo‘lishi kerak. Foydalanuvchi kamera o‘rnatilgan ko‘zoynakni taqadi. Tasvir biryo‘la implantni quvvatlantirib, uni infraqizil signalga aylantiruvchi cho‘ntak kompyuteriga uzatadi va ko‘zoynakka qaytaradi. Ular, o‘z o‘rnida, ko‘rinmas yorug‘lik nurini signallarni elektr tokiga aylantiruvchi chipga loyihalashtiradi. Signal shu tariqa ko‘zdagi asab tolalariga va oxir-oqibat miyaga yetib boradi.

Bunday chip birinchi marta 50 yoshdan oshgan kishilarda ko‘rish qobiliyati yo‘qolishining asosiy sababi hisoblangan makulodistrofiyani davolashda qo‘llanilmoqda. Bu kasallikka uchragan odamlar predmetlarni xira yoki qorong‘u holatda ko‘rishadi va faqat yon tomondan ko‘rish xususiyatiga umid qilishadi. Hozircha shifokorlar bunday tashxis qo‘yilgan kishilarning ko‘rish qobiliyatini qayta tiklay olishmayapti. 

Tajribada besh kishi ishtirok etadi, ularning bari jiddiy makulodistrofiyaga yo‘liqqan bo‘lishi kerak. Pixium Vision vakillarining so‘zlariga ko‘ra, birinchi chip joriy yilning oxiriga qadar implantatsiya qilinadi. 

Top