08:15 / 30.10.2017
48150
Xrushchyovning o‘g‘li Rossiya kuch bo‘yicha AQSh bilan tenglasha olmasligini aytdi
Foto: RIA "Novosti"

Sobiq ittifoq rahbari Nikita Xrushchyovning o‘g‘li Sergey Xrushchyov Sobiq ittifoq kuch bo‘yicha AQShga tenglasha olmaganini, zamonaviy Rossiya ham bu borada AQShga yaqinlasha olmasligini aytdi. Bu haqda Las Vegas Sun nashri xabar bermoqda.  

Texnika fanlari nomzodi bo‘lgan Sergey Xrushchyov Las-Vegasdagi Atom sinovlari milliy muzeyida 200 tinglovchi oldida nutq so‘zlagan. Olim 1990-yillardan beri AQShda yashab keladi va o‘z nutqida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixini qisqacha bayon qilib o‘tdi.

Xrushchyovning fikricha, AQSh Sobiq ittifoq bilan qarama-qarshilik vaqtida o‘zini "dunyo politsiyasidek" tutgan, Sobiq ittifoq esa "qo‘rqishi va zaifligini" ko‘rsatishni istamagan. Bu tamoyildan kelib chiqib Moskva o‘z siyosatini qurgan. Xrushchyov bunday yo‘l tutilishiga misol tariqasida Sobiq ittifoqning Oyga AQSh-Rossiya missiyasini yuborish tashabbusidan bosh tortishi va Karib inqirozini keltirib o‘tdi.

Sovuq urushning yakunlanishi Sobiq ittifoq va AQSh o‘rtasida "madaniyat va qadriyatlarda farqlanish" borligini ko‘rsatgan.. Sobiq ittifoqning so‘nggi rahbari Mixail Gorbachyov bu hodisani davlatlar o‘rtasida ittifoqdoshlik va do‘stona munosabatlar o‘rnatish deb, uning amerikalik hamkasbi Ronald Reygan qarama-qarshilikda Vashingtonning g‘alabasi sifatida qabul qilgan.

Xrushchyov kelgusida ikki davlat uchun tinchlik va farovonlikni o‘zaro hurmatda ko‘rmoqda. "Biz dunyo politsiyachisi bo‘la olmaymiz va biz o‘zimizga yoqmagan har bir davlatni jazolay olmaymiz. Biz qadrlashni va o‘z tomonimizga iloji boricha ko‘proq davlatni jalb qilishni o‘rganishimiz lozim", deb aytgan Xrushchyov.

Xrushchyov demokratiya va qonun ustuvorligi mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi. "Demokratiyaning asosi qonun hisoblanadi. Biroq Rossiyada qonun himoyalanishi borasida ko‘plab savollar bor", deb o‘z fikrlarini xulosalagan Xrushchyov.

Top