18:19 / 31.10.2017
25713

Oliy liga murabbiylari O‘FF qaroridan norozi bo‘lmoqda

O‘zbekiston futbol federatsiyasi kelasi yil Oliy ligada 12ta jamoa ishtirok etishini e'lon qildi.

Bu qaror mamlakatimiz futboliga aloqador bo‘lgan ba'zi shaxslarni hayron qoldirdi. Xususan, Oliy ligada so‘nggi o‘rinlarni egallab turgan jamoa murabbiylar bundan ochiqchasiga norozi bo‘ldi.

Championat.asia sayti bu borada «Neftchi» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov va «So‘g‘diyona» ustozi Igor Shkvirin fikrlari bilan qiziqdi.

Musobaqa jadvalida 14-o‘rinni egallab turgan «Neftchi» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov quyidagi fikrlarni bildirdi:

«Menga kelasi yil Oliy ligada 12ta jamoa bo‘lishi haqida xabar berishdi. To‘g‘risi, buni eshitib hayron qoldim. Chunki bizda bu mavsum uchun reglament chiqarilgan. Shunday ekan, agar 2019 yildan shunday formatga o‘tamiz deyilganida boshqa gap edi. Lekin bu yangilik to‘satdan chiqdi va endilikda pastki o‘rinlardagi jamoalarda biz nima uchun futbol o‘ynayapmiz degan savol paydo bo‘ladi. Futbolchilar ham shok holatida, bundan keyin mashg‘ulot o‘tkazish kerakmi-yo‘qmi, o‘ylanib qoldik. Hamma Oliy ligada 12ta jamoani qoldirish o‘zaro kelishuv asosida hal qilindi deyapti, lekin shaxsan mendan hech kim maslahat so‘ragani yo‘q.

- Sizningcha, 12ta jamoani qoldirish nima beradi?

- O‘yinlar soni ko‘payishini aytishimiz mumkin. Hozir har bir jamoa 30ta o‘yin o‘tkazyapti, keyingi yil 33tadan o‘yin bo‘lar ekan. Menga qolsa jamoalar sonini ko‘paytirgan ma'qul, shunday bo‘lgan taqdirda o‘yinlar ham ko‘p bo‘ladi.

- Endi «Neftchi» qolgan to‘rtta turni qanday o‘tkazadi?

- Men bungayam hayronman. Bizda reglament bor edi va shunga amal qilib kelayotgandik. Endi esa reglamentning keragi bo‘lmay qoldi. Hayronman, buyog‘iga nima uchun maydonga tushamiz? Vaziyatga real qarash kerak, mavsum tugashiga to‘rt tur qolganida qanday qilib 11-o‘rinni qo‘lga kirita olamiz? Bilasizmi, FIFA, UYeFA yoki OFKda biror musobaqaga o‘zgartirish kiritiladigan bo‘lsa, bu narsa kamida 2-3 yil oldin ma'lum qilinadi. Keyin shunga qarab hamma tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi. Lekin chempionat davom etayotgan paytda to‘satdan yangi format haqida qaror chiqarilishi men uchun tushunarsiz» - dedi Abramov.

Jizzaxning «So‘g‘diyona» klubi 28 ochko bilan 13-o‘rinni egallab, «xavfli zona»da turibdi. Jamoa bosh murabbiyi Igor Shkvirin Oliy ligada 12ta jamoa qolishi haqidagi fikrlarini aytdi.

«Yangilikni eshitdik va bundan hammamiz hayron qoldik. To‘g‘risini aytaman, O‘FF saytida chiqqan xabar kayfiyatimni ancha tushirib yubordi. Chunki federatsiya rahbariyati bilan uchrashganimizda boshqacha suhbat bo‘lgandi, amalda esa boshqacha bo‘ldi. O‘FF avvaliga turnir jadvalining yuqori o‘ntaligida borayotgan klublar vakillari bilan suhbat o‘tkazdi. Keyinchalik 10-o‘rindan pastdagilar bilan suhbat tashkil qilindi. Suhbat davomida ko‘p mavzular haqida gaplashdik: legionerlar, yosh futbolchilar xizmatidan foydalanish va hokazo. Aytishim mumkin, O‘FF o‘shanda bizni eshitdi, lekin quloq solmadi.

- Suhbat davomida keyingi yil Oliy ligada nechta klub bo‘lishi haqida gap borganmidi?

- Ha, bu mavzuda ham fikrlar almashilgandi. Oliy liga formati qanday bo‘lishi, nechta jamoani qoldirish, 12tami, 14tami... Shunda men ham o‘z fikrimni aytdim: mayli format o‘zgarsin, lekin 2018 yildan emas, balki 2019 yildan. Chunki bu yil chiqarilgan reglament keyingi yilgi musobaqa uchun asos bo‘lishi kerak. Umuman olganda, O‘FFning qaroriga qarshi emasmiz, ammo sport tamoyillarini ham unutmasligimiz kerak. Agar O‘FF keyingi yil ham Oliy ligada 16ta jamoa ishtirok etadi va 2018 yildan boshlab 12ta jamoani qoldiramiz deb bir yil oldin ogohlantirganida boshqa gap edi. Yana qaytarib aytaman, federatsiyadagilar bizni eshitishdi, lekin quloq solishmadi.

- Hozir bu borada fikringiz qanday?

- Fikrim hozir ham o‘sha-o‘sha. Menimcha, keyingi yil ham 16ta jamoa qoldirib, agar 12ta jamoa qatnashadigan musobaqa tashkil qilish bo‘lsa, bu haqda reglamentga kiritib o‘tish kerak, aytaylik, to‘rtta yo beshta jamoa tushib ketadi deya hammani oldindan ogohlantirib qo‘yish lozim. Men xohlardimki, hamma klublar bir xil sharoitga ega bo‘lsin. Hozir esa bunday bo‘lmayapti: qarordan biz qatori «Neftchi», «Sho‘rtan» kabi klublar ham aziyat chekib qolishdi. Menimcha, bu qaror hali ko‘p muhokama qilinadi.

- Sizningcha, nima sababdan federatsiya bu qarorga keldi?

- Men buning sabablarini bilmayman. O‘FFda yangi rahbariyat ish boshlaganidan beri faqat bir marta federatsiya binosiga bordim va ichkariga kirish qiyin bo‘ldi. Darvoza oldidagi militsiya xodimi hech kimni kiritmasakan. Oldinlari bemalol kirib chiqardik, ammo hozir unday emas. Hozir chaqirishsagina borishingiz mumkin, lekin o‘zingiz biror ish bilan borsangiz ichkariga kirish qiyin bo‘ladi» - dedi Shkvirin.

Mavzuga oid
Top