18:55 / 01.11.2017
10827

Gaz plitalari va suv isitgichlarning xavfsizligi reglamentlandi

Foto: KuhniClub.ru

Vazirlar Mahkamasining 30.10.2017 yildagi 880-son qarori bilan Gaz holatidagi yoqilg‘ida ishlovchi apparatlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Hujjat ovqat tayyorlash, isitish, issiq suv bilan ta'minlash va uning  tarkibiy qismlari uchun mo‘ljallangan gaz holatidagi yoqilg‘ida ishlovchi uskunalarga taalluqli. Uning talablari quyidagi uskunalarga aloqador emas:

•  gazdan motor yoqilg‘isi sifatida foydalaniladigan;
•  davlat mudofaa buyurtmasiga asosan olib kelinadigan;
•  sanoat korxonalaridagi texnologik jarayonlarda ishlatish uchun mo‘ljallangan.

Texnik reglament gaz holatidagi yoqilg‘ida ishlovchi uskunalar uchun minimal darajada zarur bo‘lgan talablarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularni bajarish portlovchi-yong‘in, elektr, mexanik, termik va ekologik xavfsizlikni ta'minlaydi.

O‘rnatilgan talablarga amal qilinishi ustidan davlat nazoratini quyidagilar o‘rnatadi:

•  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi;
•  Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;
•  IIV huzuridagi yong‘in xavfsizligi davlat xizmati;
•  Sog‘liqni saqlash vaziriligi;
•  Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash agentligi hamda vakolati doirasida boshqa vakolatli davlat organlari.

Hujjat 1.05.2018 yildan kuchga kiradi.

Top