20:20 / 01.11.2017
15846

Qozog‘iston Qirg‘izistondan olib kirishi taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirdi

Qozog‘iston mahsulotlari olib kirilishi taqiqlangan Qirg‘iziston korxonalari reyestrini kengaytirgan. Bu haqda «Trend» agentligiga asoslanib, Kabar.kg xabar bermoqda.

Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligining xabar berishicha, yangilangan ro‘yxatga Qirg‘izistonning «Shin-Layn» MChJ, «Talas-Sut» YoAJ, «Yelimay» MChJ, «Aq-Sut» OAJ va «Tuuganbayev» XK kabi kompaniyalari kiritilgan.

24 oktabr kuni Qozog‘iston Qirg‘izistondan olib kirilayotgan 400 tonnadan ortiq mevalarni qaytarib yuborgan. Karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirish bilan bog‘liq 59ta holatdan 41tasi Qirg‘iziston mahsulotlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Ularning 11tasida mahsulotlar majburiy fitosanitariya sertifikatisiz (olma va noklar — 93,3 tonna, uzum — 21 tonna, lavlagi — 4 tonna) olib kirilgan. Yana bir necha kun o‘tib Almatida Qirg‘izistondan keltirilgan sut mahsulotlari yo‘q qilingan.

Dushanba kuni paydo bo‘lgan ma'lumotga ko‘ra, Qozog‘iston Qirg‘izistonda yetishtirilgan 3,5 tonna forel balig‘i va 15 kilogramm forel uvildirig‘ini olib qo‘ygan va yo‘q qilishga chog‘lanmoqda.

Ilgari, oktabr oyida Qirg‘iziston prezideti Almazbek Atamboyev bir necha bor Qozog‘iston rahbariyati nomiga keskin ayblovlar bilan chiqish qilgan edi. Atamboyev, xususan, Qozog‘iston rahbariyati o‘ziga qulay prezidentni Qirg‘izistonga tiqishtirayotgani, Bakiyevlarni sevishi va o‘z mamlakatini talon-taroj qilishayotganini aytib o‘tgan edi. Bu voqealardan ko‘p o‘tmay ikki mamlakat fuqarolari va xorijiy sayyohlar qozoq-qirg‘iz chegarasini kesib o‘tishda muammolarga duch kela boshlashgan.

Mavzu
Qirg‘iziston-Qozog‘iston munosabatlari

Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovi arafasida Almazbek Atambayev qo‘shni davlat siyosatlarini bir necha marta qoralab chiqdi. Bunga javoban Qozog‘iston hukumati chegarada qirg‘izistonliklarni to‘xtatib qola boshladi

Barchasi
Mavzuga oid
Top