23:23 / 01.11.2017
41334

Usama bin Lodinning shaxsiy kundaligi e'lon qilindi

Foto: AP

Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) seshanba kuni 2011 yilda Pokistonda o‘ldirilgan "Al-Qoida" terrorchi guruhi rahbari Usama bin Lodinning kundaligini chop etdi. 

Idora saytida taqdim etilgan kundalikdagi yozuvlarning barchasi qo‘lda arab tilida yozilgan.

Bundan avval chorshanba kuni MRB Usama bin Lodinni yo‘q qilishga doir operatsiya chog‘ida olingan 470 ming hujjatni chop etishi haqida ma'lum qilgan edi. Hujjatlar matnli fayllar, audio va video, shuningdek dasturiy ta'minotning tizimli fayllarini o‘z ichiga olgan. 

"MRB 2011 yilning may oyida Pokistonning Abbottobod shahrida o‘tkazilgan reyd paytida qo‘lga kiritilgan kompyuter fayllari va raqamli hujjatlardan tashqari, bin Lodinning o‘limiga yaqin yozib qoldirgan kundaligini ham topgan", - deyiladi qo‘shimcha hujjatda. 

Boshqa hujjatlar bilan bir qatorda "Al-Qoida" tomonidan turli maqsadlarda to‘plangan 18 mingdan ziyod hujjatli fayllar, ommaviy nutqlarga tayyorgarlikni o‘z ichiga olgan taxminan 79 ming audio va tasvir fayllari, audio va tasvir formatidagi yozishmalar chop etilgan. Shu bilan birga, 10 ming videofayl ham taqdim etilgan, ularning orasida terrorchining yosh o‘g‘li Xamza bin Lodinning suratlari, "Al-Qoida"ning shaxsiy videolari, Usama bin Lodinning bayonotlari tasvirlangan videoqoralamalar va jihod targ‘ibotiga doir ma'lumotlar ham o‘quvchilar e'tiboriga havola etilgan, deyiladi MRB bayonotida.

Ta'kidlash joizki, "Al-Qoida" rahbari Usama bin Lodin 2011 yilning may oyida Abbottobodda Amerika harbiylari tomonidan yo‘q qilingan. 

Top