08:45 / 01.11.2017
52522

Shavkat Mirziyoyev sport sohasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: prezident.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 31 oktabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasida boshqarish tizimini takomillashtirish, ommaviy sportni rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni tanlash va tarbiyalash, sohani malakali kadrlar bilan mustahkamlash hamda zamonaviy sport inshootlarini barpo etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Unda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri, prezidentning davlat maslahatchisi, tegishli vazirlik va qo‘mitalar rahbarlari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda sport sohasi uchun malakali kadrlar va murabbiylar tayyorlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘quv jarayoniga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, ilmiy izlanishlar uchun maxsus laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Jismoniy tarbiya institutini zamonaviy sport ta'lim muassasasiga aylantirish, o‘quv dasturlarini zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida tashkil etish bo‘yicha 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan dastur tuzish zarurligi ta'kidlandi. 

Prezidentning shu yil 3 iyundagi “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohadagi yana bir muhim hujjat bo‘ldi. Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Dasturda 2017-2021 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish uchun 995,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi, sport maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 167 ta sport inshooti, jumladan, 90 ta sport majmuasi va 77 ta suzish havzasini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash, jihozlash va qayta jihozlash nazarda tutilgan. 

Dastur doirasida joriy yilda 153 ta bolalar maydonchasi ta'mirlangan, 232 ta zamonaviy maydoncha, Nukus shahrida sportning olimpiya va milliy turlariga ixtisoslashtirilgan sport majmuasi foydalanishga topshirilgan. 

Yig‘ilishda bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 39 ta sport inshootini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari jadvaldan ortda qolgani, suzish havzalarini zamonaviy anjomlar bilan jihozlash kechiktirilgani tanqid qilindi. Bu kamchiliklarni bartaraf etish, yil oxirigacha qurilish ishlarini yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sport majmualaridan foydalanish samaradorligini oshirish, yoshlarni ularga yanada keng jalb etish zarurligi qayd etildi. 

Sport maktablari, respublika oliy sport mahorati maktablari hamda sport federatsiyalarining iqtidorli yoshlarni kashf etish borasidagi hamkorligi, seleksiya ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi. Bu borada aniq shaffof mexanizm yaratish va barcha hududlarni qamrab olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Mamlakat sportchilarini nufuzli xalqaro musobaqalar, jumladan, bo‘lg‘usi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi. 

Yig‘ilishda xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilayotgan medallar faqat boks, dzyudo, og‘ir atletika va sport kurashlari bilan chegaralanib qolayotgani tanqid ostiga olindi. Gimnastika, trampolin, yengil atletika, taekvondo, baydarka va kanoeda eshkak eshish, velosport kabi boshqa salohiyatli sport turlari bo‘yicha ham ko‘proq yutuqlarga erishish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi. Xalqaro sport federatsiyalari bilan hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta'kidlandi.

Yig‘ilishda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi faoliyatining quyi bo‘g‘inlari ishini kuchaytirish, aholi barcha qatlamlarini sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish, sohada xususiy sektorni rivojlantirish va boshqa dolzarb masalalarga ham e'tibor qaratildi. 

Tegishli qo‘mita va mutasaddilar oldidagi vazifalar belgilab berildi. 

Top