14:00 / 01.11.2017
19753

Vazirlar Mahkamasi davlat ehtiyojlari uchun sholi xarid qilishga oid qaror chiqardi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2017 yil 27 oktabr kuni “Davlat ehtiyojlari uchun sholi xarid qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni chiqardi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “2018 yilda qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish chora-tadbirlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida” 2017 yil 15 sentabrdagi PQ-3281-son qarorini bajarish yuzasidan, sholi yetishtirish hamda xarid qilishning yagona tizimini shakllantirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek ichki iste'mol bozorini yuqori sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish maqsadida qabul qilindi.

Qarorda belgilab qo‘yilishicha, 2017 yil hosilidan boshlab davlat ehtiyojlari uchun sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar va “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining don qabul qilish tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan kontraktatsiya shartnomalari asosida ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha kelishilgan bozor narxlarida xarid qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda tuproq-iqlim sharoitlari, suv bilan ta'minlangani va sholi yetishtirish tajribasi hisobga olingan holda, 2018 yil hosili uchun sholi yetishtiradigan tumanlar hamda xo‘jaliklarni 2018 yilning 1 fevralgacha belgilaydilar.

“O‘zdonmahsulot” AK, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda sholi yetishtiradigan xo‘jaliklar bilan 2017 yil hosilidan tovarbop va urug‘lik sholi xarid qilish yuzasidan 2017 yilning 5 noyabrigacha ushbu qarorning 1-bandiga muvofiq kontraktatsiya shartnomalari tuzilishini ta'minlaydilar.

“O‘zdonmahsulot” AK bir oy muddatda belgilangan tartibda:

Xaridlarni moliyalashtirish va sholi yetishtirish hamda uni qayta ishlash tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish uchun yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan maqsadli jamg‘armani tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Xaridlarni moliyalashtirish va sholi yetishtirish hamda uni qayta ishlash tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish uchun maqsadli jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi.

“O‘zdonmahsulot” AKning don qabul qilish tashkilotlariga, istisno tariqasida, byudjyet tashkilotlari va byudjyetdan mablag‘ oluvchilar bilan O‘zbekiston Respublikasining ichki bozoridagi o‘rtacha narxlardan oshmaydigan narxlarda sholi yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berildi.

“O‘zdonmahsulot” AK manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2018 yilning oxirigacha belgilangan tartibda zamonaviy texnologik liniyalar sotib olinishini va o‘rnatilishini, shuningdek sholini qabul qilish, tashish, qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan sexlar modernizatsiya qilinishini ta'minlaydi.

“Agrobank” ATBga “O‘zdonmahsulot” AK don qabul qilish tashkilotlarining buyurtmanomalariga binoan sholini qabul qilish, qayta ishlash va tashish bo‘yicha sexlarni modernizatsiya qilish hamda zamonaviy texnologik liniyalar, shuningdek sholi xarid qilish uchun kreditlar ajratish va ajratilgan kreditlarni keyinchalik mahsulotni sotishdan tushadigan mablag‘lar hisobiga qoplash tavsiya etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ- huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid
Top