16:15 / 02.11.2017
19292

Abdulla Aripov Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi 

Foto: Rossiyskaya gazeta/Arxiv

Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Dmitriy Medvedev o‘zbekistonlik hamkasbi Abdulla Aripov bilan uchrashdi. Rossiya hukumati rahbari imzolanishi kerak bo‘lgan hujjatlar to‘plamining ahamiyatini ta'kidladi, deb xabar bermoqda TASS.

Shuningdek, u barcha idoralar bo‘yicha rivojlanib borayotgan o‘zaro aloqalar mavjudligini ta'kidladi. «Eng muhimi, ular faqat shunchaki aloqalar, oddiy muloqotlar emas, balki aniq kelishuvlarda mujassam bo‘lmoqda. Bugun haqiqatdan ham hujjatlarning katta to‘plami imzolanadi», - dedi Dmitriy Medvedev. 

«Iliq kutib olganingiz uchun rahmat. Bu so‘zning zamirida ham to‘g‘ridan to‘g‘ri, ham ko‘chma ma'no bor. Bizning mamlakatlarimiz orasida haqiqatdan ham yaxshi va do‘stona munosabatlar mavjud... Toshkentda juda iliq, hatto hozir kuzatilishi kerak bo‘lgan ob-havodan ham iliqroq, noyabr oyida. Bu, umid qilamanki, ikki davlat o‘rtasidagi hozirgi munosabatlarning xarakterini o‘zida ifodalaydi», - deya qo‘shimcha qilib o‘tgan Medvedev.

O‘z navbatida, Aripov Rossiya bosh vaziriga O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarini rivojlantirish borasidagi ishi uchun minnatdorlik bildirdi. «Rossiya Federatsiyasi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan», - dedi O‘zbekiston bosh vaziri. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga amalga oshirilgan tashrifi «Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning yangi sahifasini ochdi».

«Bugungi uchrashuv va bugun imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlar, albatta, bizning iqtisodiyotimiz o‘sib borishini ta'minlashga xizmat qiladi va o‘zaro manfaatli hamkorlik ham rivojlanib boraveradi, deb o‘ylayman», - deya ta'kidlab o‘tdi Aripov.

Top