15:40 / 02.11.2017
18481

«Yangi Ipak yo‘li»: Moskva ostonasidan London sari

Foto: AP

Ozarboyjon, Gruziya va Turkiya rasman Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘lini rasman ochdi. Istiqbolda ushbu temir yo‘li tarmog‘i Xitoyni Yevropa, xususan London bilan bevosita bog‘laydigan «Yangi Ipak yo‘li»ning yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. U Turkiyaning Bosfor dengizi ostidan o‘tgan tunnel orqali Rossiyani aylanib o‘tadi. 

30 oktabr kuni Bokuda yangi temir yo‘lining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. U Bokudagi Alyot portidan Tbilisi orqali Turkiyaning Kars portigacha cho‘zilgan. 

Tantanali marosimda Ozarboyjon, Turkiya davlat rahbarlari, Gruziya, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari, xususan O‘zbekiston Bosh vaziri ham ishtirok etdi. 

Prezident Aliyev to‘planganlar qarshisida qilgan chiqishida nutq qilar ekan, Boku-Tbilisi-Kars  temir yo‘li — bu «Yevropani Osiyo bilan bog‘laydigan eng qisqa va ishonchli yo‘l» ekanini qayd etdi.

«Bu loyiha Kaspiy dengizining logistika imkoniyatlarini kengaytiradi, Xitoydan Yevropaga yuk tashishda qulay sharoitni yaratadi, yuk tashish amaliyoti tezligi 2 karra oshadi», — dedi Qozog‘iston bosh vaziri. Biroq u o‘z taxminlarini bir hisob-kitob bilan isbotlagani yo‘q. 

Eng ishonchli bayonotni Erdo‘g‘an berdi, deyish mumkin. U London va Pekin eshitishni xohlagan so‘zlarni aytdi. «Bugun Boku-Tbilisi-Kars yo‘nalishi bo‘ylab ilk temir yo‘l tarkibi harakatlanishni boshlaydi. U mintaqa, jumladan Ozarboyjon, Gruziya va Turkiya uchun strategik ahamiyatga molik. Shunday qilib, biz London Xitoyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘li ochilganini e'lon qilamiz», — deya bu temir yo‘l ahamiyati xususida fikrlarini bidirdi Turkiya prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Xitoydan Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya yoki Yevropaning boshqa davlatlariga Janubiy va Shimoliy yo‘laklar uzra yuk tashish 45-62 kungacha cho‘ziladi. 

BTK temir yo‘li to‘liq ishga tushishi bilan bu muddat 12-15 kunga chiqaradi. Erdo‘g‘anning qo‘shimcha qilishicha, Xitoydan Yevropaga yuk tashish hajmi yiliga 240 mln tonnadan ortiqdir. 

O‘z navbatida, Gruziya bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili «yangi Yevrosiyo ko‘prigining poydevori qo‘yilayotgani, yangi bozorlar o‘zlashtirilishi»ni qayd etdi.

Gruziya bosh vaziri ham o‘z chiqishida respublika ushbu tashabbusni hayotga tatbiq etishda hissa qo‘shishni xohlayotganini ta'kidladi. 

Temir yo‘l magistralining uzunligi 850 km bo‘lib, uning 504 kilometri Ozarboyjon hududidan o‘tadi. BTK magistrali bo‘yicha ilk poyezd Turkiyaning Mersin portida to‘xtaydi. 

Aytish joizki, Boku – Tbilisi – Kars temir yo‘lini barpo etish g‘oyasi o‘tgan asrning 90-yillarida sobiq Ittifoq barbod bo‘lganidan so‘ng muhokama qilina boshlagan edi. Ammo loyihani amalga oshirish 2007 yilda Gruziya hududidan boshlandi. 

Loyihani boshlash munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda o‘sha vaqtda Gruziya prezidenti bo‘lgan Mixaiil Saakashvili uni «yirik geosiyosiy inqilob» deb atagan va Xitoy bilan bog‘lagan edi. 

Saakashvili o‘shanda, Rossiya orqali Yevropaga kirib kelayotgan Xitoy mahsulotlari shu yo‘l orqali o‘tishini da'vo qilgan edi. Dastlabki bosqichda bu yo‘l orqali 4–5 mln tonna atrofida yuk tashish rejalashtirilgani loyihaning rentabelligini shubha ostiga qo‘ydi. Ammo Saakashvili hamkorlarini ishontirib, Qozog‘iston yordam berishini aytdi. Go‘yoki Ostona Yevropaga Rossiya orqali boradigan 10 mln tonna yukni yangi yo‘lga yo‘naltirishga va'da bergan. 

Foto: AP

Endilikda, ma'lum bo‘lishicha, Qozog‘iston 10 yil avval bergan va'dasining ustida turish niyatida. Turkiyaning transport, kemachilik va kommunikatsiyalar vaziri Ahmad Arslonning so‘zlariga ko‘ra, BTK orqali yiliga 35 mln tonnagacha yukni tashish mumkin. 

Shuni alohida qayd etish kerakki, Ozarboyjon, Gruziya va Turkiya yo‘lni ochishdan avval tarif siyosatini muvofiqlashtirib oldi. 1 tonna yuk 37,9 dollar, bir vagon 2279,40 futlik konteyner uchun 529 dollar to‘lanishini belgilandi. 

Birinchi yili 5 mln tonnagacha yuk va 1 mlnga yaqin yo‘lovchini tashish rejalashtirilmoqda. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish 2018 yilda boshlanishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Ozarboyjon Shveytsariyaning Stadler kompaniyasidan 30 ta maxsus vagon hamda Fransiyaning Alstom firmasi ishlab chiqqan 10 ta lokomotivni xarid qildi.

BTK orqali, shuningdek, Kaspiy dengizi mamlakatlaridan suyultirilgan gaz, Turkmaniston va Ozarboyjondan neft mahsulotlari yetkazib beriladi. Albatta, asosiy maqsad Xitoy konteynerlarini Yevropaga yetkazib berishdir. 

Albatta, buning uchun bir nechta infratuzilma inshootlarini barpo qilishi kerak: Karsdagi logistika markazi, Axalkalaki deposida g‘ildiraklarni almashtirish punkti, depo, ko‘mirni saqlash omborxonasi, neft, neft mahsulotlari va suyultirilgan gazni quyish terminali shular jumlasidan. Shundan keyingina yuk tashish hajmini yiliga 15 mln tonnaga yetkazish haqida so‘z borishi mumkin. 

Shuningdek, BTK Bosfor dengizi ostidan o‘tgan Marmar tunneli orqali Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prik bo‘ladi. 

Qayd etish kerak, Xitoydan Yevropaga mahsulotlar tranziti orqali pul ishlash jug‘rofiy imkoniyati bunga yo‘l beradigan har qanday davlatning orzusi, deyilsa, xato bo‘lmaydi. «Yangi Ipak yo‘li» o‘zi tomon burishni nafaqat Ozarboyjon yoki Turkiya, Qozog‘iston yoxud Rossiya, balki Mo‘g‘uliston, Polsha, Bolgariya, Ruminiya va Ukraina ham xohlaydi. 

Mavzuga oid
Top