18:00 / 02.11.2017
17011

Turkiya o‘z avtomobillarini ishlab chiqarishga kirishdi

Foto: Anadolu

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an birinchi mahalliy yengil avtomobilni yaratish loyihasini amalga oshirish ishlarining boshlangani haqida e'lon qildi. "Anadolu" agentligi shu haqida xabar berdi.

Avtomobilni yaratish konsorsiumiga Anadolu, BMC, Kıraça va Zorlu kabi yirik kompaniyalar, shuningdek Turkcell telekommunikatsiya kompaniyasi kiritilgan.

Prezident loyiha taqdimotida ishtirok etar ekan, 2016 yilda Turkiyada 757 ming avtomobil sotilganini qayd etdi. 

"Bozori shunday katta salohiyatga ega mamlakat hali-hanuz mahalliy avtomobil ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmagani achinarli. Bugun biz bu yo‘nalishda tarixiy qadamlar qo‘ymoqdamiz", - dedi Erdo‘g‘an.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy avtomobilni ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari imkon qadar qisqa muddatlarda tugallanishi kerak. Rejaga muvofiq, ilk turk avtomobili prototipi 2019 yildan kechikmay taqdim etilishi lozim. 

"2021 yilda avtomobilning seriyali ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Mahalliy avtomobilni ishlab chiqarish loyihasi Turkiyaning 2023 yilga qadar mo‘ljallangan Rivojlanish maqsadlari dasturida alohida o‘rin egallagan. Bu masalada hech qanday kechikishlar bo‘lmasligi kerak", - deya ta'kidladi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, professionallar mahalliy avtomobil loyihasini amalga oshirishga jiddiy kirishgan taqdirda, davlatga mazkur jarayonlarni faol qo‘llab-quvvatlashgina qoladi, xolos. 

"Shuni ma'lum qilamanki, konveyerdan chiqqan birinchi mahalliy avtomobilni o‘zim xarid qilaman", - deydi Erdo‘g‘an.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, gap faqatgina avtomobillarni ishlab chiqarishda emas. "Gap mamlakatga jahon avto ishlab chiqaruvchilari bozorida munosib o‘rin egallash imkonini beruvchi texnologiyalar, tajriba va to‘plangan bilimlar haqida", - deya qo‘shimcha qilgan  Erdo‘g‘an.

Top