19:50 / 02.11.2017
22639

O‘zbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Harakatlar strategiyasi bo‘yicha hisobot berdi

Foto: O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi

1 noyabr kuni O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi media-xoll zalida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishda O‘zNNTMAning roli” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanining asosiy maqsadi dolzarb ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar masalalarni hal etishda NNTlar sa'y-harakatlarini birlashtirishda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasini faoliyati to‘g‘risida keng jamoatchilik xabardorligini oshirish bo‘ldi.

Harakatlar strateriyasining qabul qilinishi mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning barcha sohalarini rivojlantirishga kuchli turtki berdi. Harakatlar strategiyasi, mazmunan, mamlakatimizning va jamiyatimizning maqsadli yo‘naltirilgan ustuvor rivojlanishini tezlashtirishga undaydigan yaqin besh yillik islohotlarning “yo‘l xaritasi” bo‘ldi.

Harakatlar strategiyasi doirasida “uchinchi sektor”ni yanada rivojlantirish va har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. O‘tgan davr mobaynida bir qator fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini takomillashtirish borasida choralar ko‘rildi. Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida jamoat tashkilotlarining bir qator yangi nodavlat notijorat tashkilotlarini tashkil etish va qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi takliflari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti (FJShMQMI), “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston yoshlar harakati, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, “Ezgu maqsad” jamg‘armasi, Madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi shular jumlasidandir.

Ta'kidlash lozimki, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan bir qatorda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi faol ishtirok etdi.

Anjuman ishtirokchilari Harakatlar strategiyasi va “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda Assotsiatsiya tomonidan ko‘rsatilgan ko‘maklar to‘g‘risida xabardor etildi.

Foto: O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi

Matbuot anjumani davomida spikerlar tomonidan ta'kidlanganidek, Davlat dasturining bajarilishiga “Mahalla” fondi, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Savdo-sanoat palatasi, Yozuvchilar uyushmasi, Bastakorlar uyushmasi va shu kabi boshqa 23 NNT jalb etilgan.

Qayd etish lozimki, Davlat dasturiga jalb etilgan NNTlar soni Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining davlat granti tanlovlari g‘oliblari hisobiga ham ko‘paymoqda. Xususan, birgina “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga NNTlar faol ishtirokini ta'minlash” mavzuidagi e'lon qilingan birinchi davlat granti tanlovi yakunlariga ko‘ra 51 NNT g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Qolaversa, Assotsiatsiya 575 nodavlat notijorat tashkilot sa'y-harakatlarini birlashtiruvchi yirik fuqarolik jamiyati instituti ekanligining o‘zi Davlat dasturiga jalb etilgan NNTlar doirasi kengayishiga katta turtki berdi.

Keng jamoatchilikning har tomonlama rivojlangan va jismonan sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi mas'uliyatini oshirish, uyushmagan yoshlar va ayollarning ijtimoiy ko‘nikmasini ta'minlash bo‘yicha Assotsiatsiya faollari tomonidan aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi. Birgina Davlat dasturining 236-bandi ijrosini ta'minlash yuzasidan “Farovon yurt” NNT bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Fidomiz senga, O‘zbekiston!” shiori ostidagi xayriya konsertiga 4,5 ming nafar kishi qamrab olindi.

Assotsiatsiyaning yil davomidagi asosiy vazifalaridan yana biri yoshlar va ayollarni hunarmandchilikka, oilaviy tadbirkorlikka, kasanachilikka jalb qilish uchun qulay sharoitlarni yaratishda hududiy NNTlarga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi. Xususan, Andijon viloyati “Mehrimiz sizga” NNT tomonidan 24 nafar kam ta'minlangan oilalardagi ishsiz ayollar tikuvchilikka o‘qitildi.

Assotsiatsiya, shuningdek nogironlarning huquq va qonuniy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ishga joylashishlariga ko‘maklashish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida e'tibor qaratdi. Masalan, Samarqand viloyati nogiron ayollar assotsiatsyasi tomonidan “Yoshlik” va “Cho‘lquduq” mahallalarida yashovchi 10 nafar nogiron ayollar ishga joylashtirildi, “Toshkandiy” mahallasida esa nonvoyxona faoliyati tashkil etildi. Bundan tashqari, Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman bo‘linmasi tomonidan ko‘zi ojizlar uchun zamonaviy kutubxona yaratish ishlari olib borilmoqda.

Assotsiatsiya turli komissiyalar va ekspert guruhlaridagi ishtiroki orqali hududiy NNTlarga, ayniqsa, nogironlar jamoat tashkilotlariga ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida aniq ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Misol uchun, Assotsiatsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishi asosida tashkil etilgan Nogironlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish komissiyasi faoliyatida faol ishtirok etib kelmoqda.

Shu bilan birgalikda, o‘tgan davr mobaynida Assotsiatsiya o‘z e'tiborini atrof-muhit muhofazasini yaxshilash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, salomatlik va jismoniy tarbiya kabi masalalar targ‘ibotiga alohida e'tibor qaratdi.

Assotsiatsiya va hududiy NNTlar mamlakatimizning chekka hududlarida yashayotgan insonlarning ekologik xavfsizligini ta'minlash va muqobil energiya manbalarini joriy etishga ko‘maklashish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirildi. Misol uchun, O‘zbekiston Ekologik Forumi tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida muqobil energiya va tomchilab sug‘orishdan oqilona foydalanish bo‘yicha dehqon-fermerlar uchun dala-o‘quv maydonchasi tashkil etildi.

Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga NNTlarni keng jalb etish maqsadida, Assotsiatsiya tomonidan “Xalq farovonligi yo‘lida – birgamiz!” shiori ostida kichik grantlar tanlovi o‘tkazildi.

Tanlovning ochiqligi va shaffofligini ta'minlash maqsadida, mamlakatimizdagi yetakchi jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat Mustaqil ekspertlar komissiyasi tuzildi. Komissiya tomonidan 64 ta ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar ko‘rib chiqilib, shundan 18 tasi g‘olib deb topildi. Ularga ajratilayotgan mablag‘larning umumiy qiymati 90 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Joylardagi ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro va xorijiy tashkilotlarning moliyaviy resurslarini jalb etish bo‘yicha Assotsiatsiya tomonidan bir qator ishlar olib borildi. Misol uchun, Assotsiatsiya va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti o‘rtasida “NNT faoliyatida yoshlarning ishtiroki orqali fuqarolik faolligini oshirish” loyihasi doirasida hududlarda bir qator tadbirlar o‘tkazildi.

Foto: O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi

Fransiyaning texnik rivojlanishga ko‘maklashish agentligi (AKTeD)ning O‘zbekistondagi filiali hamkorligida NNTlar salohiyatini oshirishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda.

NNTlarni mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasini baholash va tahlil qilish, kelajakdagi ishlarni rivojlantirishda xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda NNTlar faoliyatini huquqiy tartibga solishda xorij tajribasini o‘rganish maqsadida, xorijiy ekspertlar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida ma'ruzachilar tomonidan Assotsiatsiyaning noyabr va dekabr oylarida bo‘lib o‘tadigan muhim tadbirlari haqida ma'lumot berildi. Tadbir davomida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy g‘oyalari va loyihalari yarmarkasini o‘tkazish, “Ijtimoiy tadbirkorlik va NNT: O‘zbekiston tajribasi va xorijiy amaliyot” mavzuida xalqaro konferensiya hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy forumining hududiy va respublika bosqichlarini o‘tkazish masalalarini ishtirokchilar tomonidan muhokama qilindi.

Yuqoridagi yutuqlar bilan bir qatoroda Assotsiatsiya va uning faollari tomonidan Harakatlar strategiyasini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihasiga takliflar ishlab chiqilmoqda. Hududlarda va markazda Assotsiatsiyaning ekspertlar guruhlari a'zolari ishtirokida turli davra suhbatlari va muhokamalar tashkil etilmoqda.

Matbuot anjumani davomida ishtirokchilar moliyaviy-xo‘jalik, audit, buxgalteriya hisobi, soliq va soliqqa tortishni samarali boshqarish bo‘yicha NNT vakillarini tizimli o‘qitish masalalari bilan qiziqdilar.

Shu bilan birga, aholi bandligini ta'minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘liq saqlash, atrof-muhitni asrash kabi sohalarda, shuningdek ayollar huquqlarini ta'minlash, ularning mamlakatimizda ro‘y berayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy islohotlarda to‘laqonli ishtirokini ta'minlash, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, madaniyatlararo mustahkam aloqani o‘rnatish, xalqimizning ko‘p asrlik tarixiy, ma'naviy-axloqiy, madaniy qadriyatlarini asrab avaylash va mustahkamlash ishlarida davlat organlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda NNTlar rolini yanada kuchaytirish masalalari ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi.

Top