21:06 / 04.11.2017
11246

Turkiya agentligi Qirg‘izistondagi ko‘chkida jabrlanganlar uchun uylar qurib bermoqda

Foto:aa.com.tr

Turkiyaning hamkorlik va koordinatsiya agentligi (TİKA) Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidagi Ayu qishlog‘ining ko‘chkidan jabr ko‘rgan aholisi uchun uylar qurib bermoqda.   

29 aprelda yuz bergan ko‘chki oqibatida 24 kishi halok bo‘lgandi.

TİKA’ning Bishkekdagi dasturi koordinatori Ali Muslu agentlik xodimlari bilan birga turar joylar majmuasi qurilishi bilan tanishib chiqdi. Qurilish uchun maydon Qirg‘iziston hukumati tomondan ajratilgan.

Foto:aa.com.tr

Musluning ma'lum qilishicha, loyihani amalga oshirish uchun Qirg‘iziston hukumati TİKA’dan yordam so‘ragan va agentlik rozilik bilan javob bergan.

Musluning ta'kidlashicha, O‘zgan tumanida 9 ta uy qurilishi davom etmoqda. Ularni oy oxirigacha qurib bitkazish va kalitlarini muhtoj oilalarga topshirish rejalashtirilgan.

Foto:aa.com.tr

O‘zgan tumani rahbari Boltaboy Osmonaliyev agentlikka ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirgan. Uning aytishicha, Ayu qishlog‘ini to‘liq ko‘chirib o‘tkazishga qaror qilingan va yangi turar joylar shu munosabat bilan qurilmoqda. 

4 farzandning otasi, 17 yoshli o‘g‘li ko‘chki vaqtida halok bo‘lgan Ibrohim Ozonbayevning aytishicha, qishloq ahli yangi uylar bitkazilishini intiqlik bilan kutmoqda.

Mavzuga oid
Top