17:20 / 05.11.2017
41886

«U holda AQShni qattiq jazolaymiz». KXDR Trampni ogohlantirdi

Foto: Carlos Barria/Reuters

AQSh Prezidenti Donald Tramp Janubiy Koreyaga tashrifi vaqtida Pxenyanning jahlini chiqaradigan gaplarini aytmasligi kerak. Bu haqda Shimoliy Koreyaning markaziy nashri bo‘lmish «Nodon sinmun»da yozildi.

«Yana bir bor Trampni ogohlantiramiz. Agar halokatga uchramaslikni istasa, u telbanamo so‘zlarini aytmasin», deyilgan maqolada.

«AQSh bosh qo‘mondoni Janubiy Koreyaga kelishi nimani anglatishini taxmin qilish qiyin emas. Ular Koreya yarimorolida strategik qurollarini joylashtirishning oqibatlari haqida o‘ylashi kerak.

Agar Vashington KXDRni agressiv qadamlar tashlashga majbur qilsa, unda Pxenyanda AQShni qattiq jazolashdan boshqa chora qolmaydi», deya davom etiladi nashrda.

Tramp yakshanba kuni Osiyo bo‘ylab 13 kunlik turnesini boshladi. U shu kuni tongda Yaponiyaga keldi va mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe bilan uchrashib Saytamada u bilan golf o‘ynadi, ularga mashhur yaponiyalik Xideki Matsuyama qo‘shildi. Dushanba kuni Tramp imperator qabulida bo‘ladi. Keyinroq yapon-amerika sammiti boshlanadi. Tramp va Abe o‘tmishda shimoliy koreyalik agentlar tomonidan o‘g‘irlangan yapon oilalari bilan ham uchrashadi.

Yaponiyadan keyin Tramp 6-7 noyabr kunlari Janubiy Koreyada bo‘ladi, u bu yerda prezident Mun Jye In bilan uchrashadi. Chorshanba kuni AQSh prezidenti Xitoyga yo‘l oladi, 10 noyabr kuni — Vetnamga, u bu yerda OTIH (Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi) sammitida qatnashadi. Amerika rahbarining turnesi 12-14 noyabr kunlarida Filippinga tashrif bilan yakunlanadi.

Mavzuga oid
Top