20:00 / 06.11.2017
19103

Mayami politsiyachisi mast muxlisaning shapalog‘iga musht bilan “javob berdi”

Mayamida politsiyachi ikki nafar hamkasbi bilan amerikancha futbol uchrashuvi vaqtida muxlisalardan birini tribunadan ko‘tarib olib chiqib ketayotganda, qizning yuziga musht tushirib qoldi. Bu haqda The Independent nashri xabar bermoqda

Ushbu holat videoda qayd qilindi. Taxmin qilinishicha, muxlisa mast holatda bo‘lgan va o‘zini nojo‘ya tutgan. Politsiyachilar uni stadiondan olib chiqib ketishayotganda, muxlisa politsiyachiga shapaloq tushirgan. Politsiyachi ham andisha qilib o‘tirmay, muxlisaga musht bilan javob qaytargan. Taxmin qilinishicha, bunday zarbadan keyin qiz hushini yo‘qotgan.

Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, qiz stadionda o‘zini nomaqbul tutib, qolgan muxlislar bilan janjallashib, so‘kingan. O‘yindan keyin qizga jamoat tartibini buzish ayblovi qo‘yilgan.

Ushbu rolikni o‘n minglab odamlar o‘zaro bo‘lishgan. Ko‘pchilik politsiyachi “chegaradan chiqib”, o‘z vakolatini suiste'mol qilgan degan qarorga kelishgan va uning bo‘shatib yuborilishini talab qilishgan. Biroq qiz “qilgan ishiga yarasha ta'zirini oldi” deganlar ham topilgan.

Top