13:10 / 06.11.2017
14781

“Uchrashuv”dagi so‘nggi uchrashuv

Foto: Fotolia

Ma'lumki, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari yaqinlashgani sari ayrim kimsalar g‘imirlab qolishadi. Ular iloji boricha maktab va kollejlarda yetarli bilim olmagan, lekin ota-onasi badavlat yigit-qizlarni topishga harakat qilishadi.

Bunday “hojatbaror”lar abituriyentni o‘qishga kiritishga kafolat berishmaydi. Ular uchun abituriyentlarga yolg‘ondan qilgan repetitorligi hamda imtihonga, deb olgan mo‘may puldan boshqasining qizig‘i yo‘q. Ya'ni, o‘qishga kiritish bahonasida kerakli pulni jamg‘arib, juftakni rostlab qolishadi. Bechora abituriyent esa shunday keyin ularni yeru ko‘kdan ham topolmaydi.

Bunday “hojatbaror”larning xatti-harakatidan ba'zi fuqarolar hech bir g‘ayritabiiylik sezishmaydi. Firibgarlar “falonchi domlaning “stavka”si 6 ming, aytilgan pulni bersangiz, bolangiz o‘qishga so‘zsiz kiradi” yoki “falonchi kishi har yili 30 bolani o‘qishga kiritadi” qabilidagi gap-so‘zlar bilan odamlarni o‘zlariga rom qilishadi.

“Huquq” gazetasining yozishicha, Abdurasul Olimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) O‘zMU ilmiy xodimi Zokir Qorayev bilan uchrashib qoldi. Ikkisi avvaldan tanish edi. Gap orasida A.Olimov jiyani Adibaxon o‘qishga kirmoqchi bo‘layotgani, ammo bilimi yetarli bo‘lmagani uchun uni bu niyatidan qaytarganini aytdi.

-  Bekor qilibsiz, kelishsak kiritib qo‘yardik, - dedi dabdurustdan Zokir. – O‘zim bu ish bilan shug‘ullanmayman-u, lekin eplaydigan akaxonlar bor...

Birozdan keyin Abdurasul jiyanini Andijondan chaqiradigan, Zokir esa 6000 AQSh dollari evaziga uni o‘qishga kiritib qo‘yadigan bo‘ldi. Go‘yo shu bilan hamma ish bitgandek edi. Orada ikki-uch marta gaplashishdi. So‘nggi suhbatda Zokir, agar tayyor bo‘lsa, kelishilgan mablag‘ni Talabalar shaharchasidagi “Uchrashuv” kafesiga olib kelib berishni so‘radi.

...Abdurasul kafega kirib kelganida, Zokir chetdagi stollardan birida o‘tirardi. Salom-alikdan so‘ng asosiy ishga o‘tildi.

-  Mana, olti ming, - dedi Abdurasul.

Zokir o‘ralgan qog‘ozni olib sumkasiga soldi.

-  Sanab oling, keyin tushunmovchilik bo‘lib yurmasin, - dedi Abdurasul.

Zokir stol tagiga egilib, pulni sanab chiqdi-da sumkasiga joyladi. So‘ng o‘rnidan turib, tashqariga yo‘l oldi. Uni eshik oldida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kutib olishdi. 

“Uchrashuv” kafesidagi so‘nggi uchrashuv shunday yakun topdi. Keyin tergov-surishtiruv ishlari olib borildi. Ma'lum bo‘lishicha, Zokirning hech qanday “akaxon”i yo‘q. U Adibaxon o‘qishga o‘z bilimi bilan kirib ketsa, shu mablag‘ni o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan ekan.

Ushbu jinoiy harakatni ko‘rib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi Z.Qorayevga nisbatan tegishli jazo tayinladi.

 

Top