10:15 / 07.11.2017
10083

Yaponiya Shimoliy Koreyaga qarshi navbatdagi sanksiyalarni kiritdi

Foto: RIA Novosti / Ilya Pitalev

Yaponiya hukumati 7 noyabrdagi yig‘ilishida Shimoliy Koreyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalar ro‘yxatiga yana 9 ta tashkilot va 29 nafar yuridik shaxsni kiritishga qaror qildi. Bu haqda Yaponiya hukumatining bosh kotibi Yosixide Suga ma'lum qildi.  

“Bugungi yig‘ilishda Shimoliy Koreyaning 6 ta tashkiloti va 26 kishisi aktivlari muzlatilishi kerak bo‘lgan shaxslar va tashkilotlar ro‘yxatiga kiritildi. Shimoliy Koreyaning yadroviy va raketa muammosi misli ko‘rilmagan darajadagi tahdidga aylandi. Shimoliy Koreya jahon hamjamiyati ogohlantirishlarini inobatga olmay, ig‘vogar harakatlarni davom ettirayotgani mutlaq nomaqbuldir”, deb aytgan Suga.

Uning aytishicha, Yaponiya uchun juda muhim bo‘lgan yana bir masala – Shimoliy Koreyada hibsda ushlab turilgan yapon fuqarolarining ozod qilinishlari borasida ham taraqqiyot kuzatilmayapti. 

Yaponiya Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritganidan keyin Pxenyan 3 sentabrda 6-yadroviy sinovini, 15 sentabrda ballistik raketa sinovini o‘tkazgan.

Suga yangi sanksiyalar “AQSh prezidentining Yaponiyaga kelishi ortida Shimoliy Koreyaga bosimni kuchaytirish zarurati hamda Yaponiya va AQSh birdamligini mustahkamlash” bilan bog‘langanini tan olgan.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe Donald Tramp bilan birga Tokioda bergan matbuot anjumanda Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritilishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid
Top