11:00 / 07.11.2017
119915
Momiq paxta haqida tikonli uch hikoya
Foto: @kun.uz / Bo‘ka tumani

Birinchi hikoya

Yosh vrach tanishim bor. U ming orzular bilan tuman poliklinikasiga ishga keldi. Qachon suhbatlashsak: “Aka, tibbiyot kasb emas – fan. Tinimsiz o‘qib, o‘z ustida ishlamagan vrach rivojlanishdan to‘xtab qoladi” degan gapni takrorlagani-takrorlagan. Kunu-tun izlanib, bemorlar dardi bilan yashayotgan – harakatdagi vrach edi u. Oliygohda tashkilotchi bo‘lgani ishiga xalaqit bergani rost. Sababi, “kattakonlar” tashkilotchi kishida rahbarlik qobiliyatini tez anglashdi. Ish boshlaganiga ikki yil o‘tmay: “Tuman poliklinikasiga bosh shifokor bo‘ldim” deya qo‘ng‘iroq qilganida yuragim ezildi. Buning boisi o‘zimga ayon.

Tabriklagan kishi bo‘ldim. Qo‘l ostidagilardan o‘z ishiga ma'suliyat bilan yondashishni talab qila boshlagani haqida ko‘p gapirib, muassasani ancha tartibga ham keltirib qo‘ydi.

O‘tgan hafta tanishim xodimlarini paxta terimiga jalb qila olmagani sababi bilan ishdan olishibdi. Poliklinikasiga bordim. Yo‘lak to‘la bemor. Yosh kelinchakni qo‘lida big‘illab turgan chaqaloqlarni ko‘rib, taajjublanasan, kishi. Vrach va hamshiralarning yarmi “milliy iftixorimiz bo‘lgan paxta yig‘im-terimida” ekan.

Toshkent viloyatidagi paxta dalalarida shifokorlar va andijonlik o‘qituvchilar terimga jalb etilgan

Bosh shifokor paxta bilan tibbiyot, inson salomatligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni topa olmay ishdan ketibdi.


Ikkinchi hikoya

Viloyatdagi barcha tumanlarda tuzilmalari bo‘lgan tashkilot rahbari fig‘oni falakka chiqib aytib berdi: “Barcha muassasalarimizdan 5 nafardan xodim olib, chekka tumanga yotoqqa terimga boradigan bo‘ldik. Shart-sharoitlar bilan tanishgani borganimizda, cho‘l tumanida bir vaqtlar mineral o‘g‘itlar dorixonasi bo‘lgan binoni ko‘rsatishdi. Hech qanday tayyorgarlik ko‘rilmagan joy ekani ma'lum bo‘lgach, tuman mutasaddilari va agromassiv rahbarlariga qilgan murojaatlar yelka qisish bilan yakuniga yetdi. 55 nafar kishi uchun yotoq, ovqatlanish joyi, hojatxonani epaqaga keltirishga ikki kun vaqt sarfladik. Tabiiyki, barcha xarajatlar o‘zimizning hisobimizdan. Eng qizig‘i terim boshlanganida bo‘ldi. Paxta terimiga tushgach, uni olib ketgani traktor yo‘q. Fermerga qo‘ng‘iroq qilsak u kelib: “Mana xo‘jalik muhri. O‘zinglar terib, traktor topib, paxta punktiga topshirib kelaverasizlar” deydi.  

Paxta mavsumi oldidan: “Yig‘im-terimni uyushqoqlik bilan o‘tkazish” haqida mashvaratlar o‘tadi. Unda tumanlardagi agromassivlarga “Hasharchilarga barcha shart-sharoitlar yaratilsin” degan buyruq berilgani yodimda. Xodimlar menga: “Yotib qiynalgandan ko‘ra, pul yig‘ib paxta sotib ola qolaylik” deyishadi. Yuqoridagi rahbarlar esa har kuni odam soni va terilgan paxta haqida svodka so‘rashni qo‘ymaydi. Paxta o‘zi kimga kerakligini bila olmay halakmiz”.

Uchinchi hikoya

Uchinchi sinfda o‘qiydigan qizim maktabdan yangi gap topib keldi. Aytishicha, ularning sinf rahbari paxtaga yotoqqa ketganligi sabab, endi ikkita sinfga bir o‘qituvchi dars o‘tar ekan. Mashg‘ulotlar tushdan keyin o‘tiladigan bo‘libdi. 70 bolaga bir o‘qituvchi. Sinf rahbariga qo‘ng‘iroq qilaman: “Opa, paxtaga bormayman, desangiz bo‘lmaydimi?”. Muallima esa: “Iloji yo‘q. O‘zim bormasam, o‘rnimga odam jo‘natishim kerak ekan. Izlab ko‘rdim. Topgan odamim o‘n besh kunga bir million so‘radi. Xabaringiz bor, bu yil o‘g‘il uyladim. Kamxarjligim uchun o‘zim ketyapman. Bu yil nafaqaga chiqaman. Murosa qilishga majburmiz”, deydi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining bu gapi ham yurakni ezadi.

Nahotki, yurt kelajagidan ko‘ra paxta muhimroq bo‘lsa?..

Yakun

Yurtimizdagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib xursand bo‘layapmiz. Jamiyatimizda - shaxs omili birinchi o‘ringa qo‘yilyapti. Rahbarlar oddiy aholi oldiga dardini eshitish uchun otdan tushib, xalq oldiga piyoda borayotgani o‘z samarasini berayotgani ijobiy holat.

Aytishlaricha, keyingi yildan paxta terimi ham boshqacha bo‘lar ekan. Masalan men mana shunga ishonaman. Hamma o‘z ishini qilishi kerak.

Axir, qishloq xo‘jaligi o‘z aravasini tortadigan payt yetib kelgan.

Julqunboyning nabirasi

Top