07:00 / 08.11.2017
7145

Deputatlar Davlat byudjyetining 2017 yilning 9 oyidagi ijrosini muhokama qilishdi

Foto: telegraph.uz

2017 yil 7 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining joriy yil 9 oyidagi ijrosini ko‘rib chiqdilar.

Majlisda ta'kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusiga ko‘ra ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish natijasida, «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturini bajara borib, iqtisodiyotning barqaror, yuqori sur'atlar bilan rivojlanishi hamda o‘sishi ta'minlandi. Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sish sur'atlari saqlab qolindi, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining yanada mutanosib rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratildi.

Ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish, valyutani tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jadal jalb qilishga, eksport salohiyatini oshirishga, zamonaviy, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari uchun tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish chog‘ida teng sharoitlar yaratilishiga imkon berdi.

Aholining real daromadlarini, hayot darajasi va sifatini oshirish, respublika byudjyetidan moliyalashtirishga bo‘lgan bog‘liqlikni kamaytirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining erkinligini kuchaytirish maqsadida hududlarni kompleks rivojlantirishning barqaror moliyalashtirilishini ta'minlash mamlakatimiz byudjyet siyosatining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.

Natijada hisobot davrida mahalliy byudjyet daromadlarining 503,8 milliard so‘m miqdoridagi yoki 2016 yilning 9 oyiga nisbatan 3,9 baravar ko‘p qo‘shimcha manbalari shakllantirildi.

Hisobot davrida Davlat byudjyeti xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlanib qoldi. Ijtimoiy sohani moliyalashtirish uchun xarajatlar umumiy hajmining 54,8 foizi miqdorida mablag‘ ajratildi.

Deputatlar shuni alohida qayd etib o‘tdilarki, hisobot davrida ta'lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, ta'lim jarayoni darajasi hamda sifatini oshirishga qaratilgan ta'lim standartlari va dasturlarini takomillashtirishga, umumta'lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari hamda oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga birinchi darajali e'tibor qaratildi. Xususan, xalq ta'limi muassasalarini saqlash va rivojlantirish xarajatlarini moliyalashtirishga Davlat byudjyetidan 11,5 trillion so‘mdan ortiq yoki ijtimoiy sohaga ajratilgan umumiy mablag‘larning 59,5 foizi miqdorida mablag‘ ajratildi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi turli Davlat dasturlarini bajarishga doir chora-tadbirlar tufayli Davlat byudjyetidan 5,2 trillion so‘m yoki ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan umumiy xarajatlarning 26,9 foizi miqdorida mablag‘ ajratilganligi ta'kidlandi.

Sohadagi mavjud muammolar kompleks tarzda yechib borilmoqda. Jumladan, bemorlarni zarur dori vositalari bilan ta'minlash muhim masalalardan biri hisoblanadi. Aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta'minlash uchun Davlat byudjyetidan 275 milliard so‘m ajratildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,9 baravar ko‘pdir. Xususan, hisobot davrida dori-darmonlar uchun sarflangan xarajatlar o‘tgan moliyaviy yilning xuddi shu davriga nisbatan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida 1,5 baravar, Surxondaryo viloyatida esa 2,2 baravar oshdi. Deputatlar ta'kidlaganlaridek, asosiysi odamlar sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni his qilishlari lozim.

Keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sanatoriylar va internat uylari, kichik yoshdagi nogiron bolalar internat uylari, uy sharoitida ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘linmalari uchun, shuningdek, nogironlarni reabilitatsiya qilish markazlari uchun Davlat byudjyetidan 125,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Hisobot davrida mahalliy byudjyetlarning daromad qismi prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 103 foizdan ziyodga bajarilgan.

Shu bilan birga deputatlar tomonidan mahalliy byudjyetlarni to‘ldirish manbalarini kengaytirish yuzasidan mavjud imkoniyat va resurslarlarning to‘liq ishga solinmayotgani, xususan, respublikaning 17 ta tuman va shaharlarida mahalliy byudjyetlarning daromadlar qismi prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmagani tanqid ostiga olindi.

Tez tibbiy yordam brigadalarining bir marta chaqirilishiga ajratilgan mablag‘larning oqilona sarflanmayotgani holatlari ham qayd etilib, deputatlarning fikricha, bu ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va hajmiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, xarid qilinayotgan tibbiy buyumlar va asbob-uskunalar sifatining nomuvofiqligi hamda qishloq vrachlik punktlarida va oilaviy poliklinikalarda ularning yetishmasligi hollari mavjud.

Umuman olganda, majlis yakunlariga ko‘ra, Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2017 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi.

Top